Marg‘ilonda ipak va ranglar bayrami
Marg‘ilon yana bir bor milliy hunarmandchilik, ipakchilik va zamonaviy dizayn namoyon bo‘ladigan yirik madaniy maydonga aylanadi. 17–19-sentabr kunlari Farg‘ona viloyatining qadimiy Marg‘ilon shahrida VII Xalqaro "Atlas bayrami" – "Marg‘ilon atlasi & adrasi" festivali bo‘lib o‘tadi. Uch kun davomida shaharga kelgan mehmonlar o‘zbek milliy matosining betakror jilosi, hunarmandlarning mahorati, milliy liboslar va Marg‘ilonning ko‘p asrlik ipakchilik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Festival “Vodiy gavhari – Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida tashkil etiladi. Dasturdan hunarmandchilik, dizayn va tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi treninglar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, mahorat darslari, hunarmandchilik yarmarkasi hamda moda namoyishlari o‘rin olgan. Ipak ishlab chiqarish sohasida “To‘qimachilik san’ati: an’analar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston hunarmandchiligi: barhayot an’analar” fotoko‘rgazmasi ham ochiladi. Festivalni g‘oliblarni taqdirlash va gala-konsert bilan yakunlanishi rejalashtirilgan.
– Bu tadbirda 50 dan ziyod davlatdan 200 ga yaqin soha vakillari ishtirok etishi belgilangan, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rashidjon Aminov. – Avvalgi festivalda 28 ta davlatdan hunarmandlar tashrif buyurgan edi. Bu gal ular soni ikki baravar ko‘p. Bundan tashqari, qo‘shni viloyatlardan to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan usta hunarmandlar va 100 dan ziyod mahalliy hunarmand, usta festivalda bevosita ishtirok etadi. B2B va G2B uchrashuvlari ham belgilangan. Ya’ni, hunarmandlar bevosita o‘zaro tajriba almashishi, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi ham mumkin. Qolaversa, dunyoga taniqli, mashhur dizaynerlar tashrifi kutilyapti. Bundan tashqari mahalliy dizaynerlarning mahsulotlari, modalar namoyishi ham rejalashtirilgan.
“Hunarmand” uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, VII Xalqaro “Atlas bayrami”da qo‘lda gazlama to‘qish, milliy matolar tayyorlash, kashtachilik, milliy liboslar va qo‘lda gilam to‘qish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi ustalar ishtirok etishi mumkin. Ko‘rgazmada namoyish etiladigan mahsulotlar faqat qo‘l mehnati asosida tayyorlangan bo‘lishi lozim. Bugun atlas milliy liboslar uchun ishlatiladigan mato emas. U zamonaviy moda, dizayn va kreativ sanoatning bir qismiga aylanmoqda.

Rang-barang atlas ko‘ylaklar, milliy naqshlar uyg‘unlashgan zamonaviy liboslar, aksessuarlar va interer buyumlari milliy merosning yangi qiyofasini namoyon etmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Atlas bayrami”ni faqat ko‘rgazma yoki madaniy tadbir sifatida emas, balki milliy hunarmandchilikni zamonaviy bozor va kreativ iqtisodiyot bilan bog‘laydigan maydon sifatida baholash mumkin.
– 12-dan 16-sentabrgacha festival oldi tadbirlari amalga oshiriladi, – deydi Rashidjon Aminov. U Marg‘ilondagi Sayid Ahmad Xo‘ja Eshon madrasasida bo‘lib o‘tadi. Bu yerda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikistondan kelgan hunarmandchilik sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar, dizaynerlar, tadbirkorlar uchun mahorat darslari o‘tiladi. Marg‘ilonda bo‘lib o‘tadigan «Atlas bayrami» ana shu jarayonning navbatdagi katta namoyishidir.
Marg‘ilon atlasi – o‘tmishdan kelayotgan meros. “Atlas bayrami” esa ana shu merosning bugungi va ertangi avlodlarga uzatilayotgan rang-barang ko‘prigidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/r06yOE0txPQ" title="Marg‘ilonda ipak va ranglar bayrami" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA