Marafon: ishonch va matonat g‘alaba qozondi
Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili ustuvorlik kasb etmoqda. Bunda nogironligi bor shaxslar, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tibor markazida bo‘ladi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Namangan shahrining Dvvlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida tashkil etilgan mehr, iroda va insoniylik bayrami – “Inson uchun” shiori ostidagi inklyuziv marafon yuzlab yuraklarni bir ezgu maqsad atrofida jamladi.
Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar; Maktabgacha va maktab ta’limi, Sport vazirliklari Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda uyushtirilgan marafonda 350 dan ortiq nogironligi bor yurtdoshlarimiz qatnashib, o‘z matonati va hayotga bo‘lgan cheksiz ishonchini namoyon etdi.
Jasorat sohiblariga yanada tayanch bo‘lish uchun esa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining 250 dan ortiq xodimlari va ko‘ngilli yoshlar birgalikda marra chizig‘i sari dadil qadam tashladilar.
Marafon ishtirokchilari ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar; eshitishda nuqsoni bor va zaif eshituvchilar; aqliy rivojlanishda ortda qolgan shaxslar; harakat- tayanch a’zolari shikastlanganlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bahslashdilar.
[gallery-29517]
– “Inson uchun” marafoni men uchun orzu va kutilmagan g‘alabaga aylandi. Marafonda faol qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi To‘raqo‘og‘on tumanida istiqomat qiluvchi nogironligi bor Zilola Vahobova. – To‘g‘risi, bu natija men uchun shunchaki g‘alaba emas, bu orzular ro‘yobi edi. Ich-ichimdan shu marafonda g‘olib bo‘lishni orzu qilardim. Ushbu muhim tadbirni yuksak saviyada tashkil etgan barcha tashkilotchilarga, qo‘llab-quvvatlagan ustozlarga va menga ishonch bergan har bir insonga chuqur minnatdorlik bildiraman.
O‘ziga xos insonparvarlik marafonida har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar (erkaklar va ayollar ) diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA