Maqsad – sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish
Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti tomonidan ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholining ekologik savodxonligini oshirish hamda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Kengash yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, partiya Kengashi a’zolari, “Ayollar” va “Yosh ekologlar” klubi a’zolari, shuningdek, shahar va tuman partiya Kengashlari raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Hisobot davrida partiya tashkiloti tomonidan aholi o‘rtasida jami 110 ta targ‘ibot tadbiri tashkil etilib, ularda 3 ming 370 nafar fuqaro qamrab olindi. Shuningdek, ekologik sanalar munosabati bilan 36 ta tadbir o‘tkazildi.

“Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi tomonidan amalga oshirilgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Hisobot davrida klub tashabbusi bilan 40 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, 857 nafar xotin-qiz va yoshlar qamrab olindi. Tadbirlar doirasida ekologik toza mahsulotlardan foydalanish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va ekologik tarbiyadagi ahamiyati keng yoritildi.
Ta’lim muassasalari, mahallalar va tibbiyot maskanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ekologiya, salomatlik va ijtimoiy faollik masalalari muhokama qilindi. “Tabiatga ehson” loyihasi hamda “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni kabi tashabbuslar aholining keng qatlamlarini qamrab oldi.

Yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida ham muhim natijalarga erishildi. Hisobot davrida 41 ta tadbir tashkil etilib, 1 ming 83 nafar yosh jalb qilindi. Ushbu tadbirlar doirasida davra suhbatlari, seminarlar, aksiyalar va intellektual o‘yinlar o‘tkazildi.
Jamoatchilik bilan ishlash va murojaatlarni ko‘rib chiqish yo‘nalishida ham samarali ishlar amalga oshirildi. 2026-yilning uch oyida 6 ta murojaat kelib tushib, ularning 4 tasi ijobiy hal etildi, 1 tasiga tushuntirish berildi va 1 tasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, 122 ta ekologik reyd o‘tkazilib, aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida aholining ekologik madaniyatini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda partiyaning ijobiy imidjini mustahkamlash borasida muhim natijalarga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA