Maqsad - O‘zbekiston superligasiga yo‘llanma olish
Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Maksumov Andijon shahridagi “Andijon” professional klubi qoshidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabida bo‘lib, futbol klubi a’zolari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi.
“Andijon” professional futbol klubi a’zolari uchun asosiy mashg‘ulot maskani hisoblangan mazkur maktabda “Andijon” futbol klubi a’zolarining amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazishi, shuningdek, yosh futbolchilar uchun ham barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Futbol klubiga homiy sifatida biriktirilgan “Makro farm” ishlab chiqarish korxonasi tomonidan mazkur maktabda 8 milliard so‘m mablag‘ hisobiga futbolchilar uchun 60 o‘rinli yotoqxona va oshxona bunyod etildi. Shuningdek, futbol maydoni ta’mirlanib, yangi o‘rindiqlar o‘rnatildi. Infratuzilma tarmoqlari to‘la yangilandi.
Ayni paytda Andijon shahri Bo‘ston dahasida joylashgan maktabda 600 nafardan ziyod iqtidorli yoshlar ta’lim olib, tajribali murabbiylar ko‘magida futbol texnikasi, sir-asrorlarini puxta o‘rganmoqda.
– Yosh sportchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar albatta o‘z samarasini beradi, – deydi viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Maksumov. – Kelajakda maktab o‘quvchilari orasidan futbol yulduzlari, Andijon futbolini yuksaltiradigan mohir futbolchilar yetishib chiqishiga ishonaman.
Muloqotda viloyat hokimining o‘rinbosari joriy mavsumda “Andijon” PFK jamoasi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa, O‘zbekiston superligasiga yo‘llanma olish ekanligini ta’kidlab, prfessional va yosh futbolchilarning savollariga javob berdi. “Andijon” professional futbol klubining maqsadi, O‘zbekiston superligasiga yo‘llanma olishdir.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA