Ma’naviyat kemiruvchilari
Har bir davrning o‘z yuksalishi va evrilishi bo‘lgan. Bugungi kunda texnikaning jadal taraqqiy etayotgani insoniyat uchun misli ko‘rilmagan qulayliklar va yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Biroq, ba’zi narsalar o‘z aslicha go‘zalki, ularning o‘rnini har qanday sun’iylik bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Ana shunday betakror sohalardan biri bu ijoddir.
Shuni aytib o‘tish kerakki, har bir kashfiyot ortida aniq ko‘zlangan maqsad mujassam. Garchand, bu kashfiyot boshqa yo‘nalishlarga tatbiq qilinish imkoniyatini bersa-da, butunlay o‘zini oqlamaydi. Xususan, sun’iy intellektdan “ijodiy maqsadda” foydalanayotganlar tom ma’noda millat ma’naviyati kemiruvchilari. Chunki san’at, adabiyot xalqning irodasi, boy tarixi-yu qudratli kelajagi jam bo‘lgan yirik shakllanib boruvchi tarmoqlar. Shu ma’noda mazkur sohalarga da’vogarman degan kishi avvalo sof qalb egasi bo‘lmog‘i shart. Negaki, ijod faqat va faqat chin so‘zni talab qiladi. Shunday ekan, o‘zbek millatining betakror musiqa san’ati, rang-barang adabiyoti bo‘la turib, sun’iy qo‘shiqlar, she’rlar ko‘payib borayotgani kishi ta’bini xira qiladi.
—Inson iste’dodi va mashaqqatli mehnati bilan qilgan murakkab ijrosini sun’iy intellekt osongina takrorlab beryapti, — deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Otabek Muhammadzohid. — Bir kuni ijtimoiy tarmoqda o‘z qo‘shig‘imga ko‘zim tushdi. Qarasam, bir yigit mening ijroyimni birga bir takrorlayapti. Qizig‘i, buni osongina amalga oshiryapti. Shogirdlardan shu yigitni topishni so‘radim. Shunda ulardan biri bu sun’iy intellektda qilingani, istalgan kishi ovozidan shunaqa ijro yasash mumkinligini aytdi. Bu menga og‘ir botdi. Sababi, haqiqiy san’atni, kuchli ijrochini qadrlaydigan millatimiz uchun bunday nomaqbul usul - yo‘ldan uruvchi raqib kabidir.
Millatning ertasi uning yoshlari bilan belgilanadi. Mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va qaratilayotgan e’tibor natijasida yuksak marralarni zabt etayotgan yoshlar soni ortib borayotgani kishini quvontiradi.
Shu bilan birga, haqiqiy san’at va adabiyot zavqini tuymay, sun’iylik bilan to‘yingan bemaza kontentlarga mukkasidan ketgan yoshlar toifasi ham yo‘q emasligi xavotirga ham soladi. Xalqimizda “Qalbdan chiqqani qalblarga boradi”, degan ibora bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, inson kechinmalarini faqatgina inson tasvirlashga haqli. Sun’iy intellekt raqamlashtirish va shunga o‘xshash tizimlarni taraqqiy ettirsin-u, musiqa va adabiyotga aralashtirilmasin. Shundagina buyuk millatimizning samimiy ruhi, sof ma’naviyati va boy madaniyati aslicha saqlanib qoladi. Bu barchamizning kelajak avlod oldidagi ado etishimiz lozim bo‘lgan burchimiz.
Sherbek Islomov,
O‘zA