Alisher Aymatli: “So‘z hazrati oliylari”
Taniqli shoir, jurnalist Alisher Aymatlining “So‘z hazrati oliylari” nomli yangi kitobi kuni kecha nashrdan chiqdi.
Ma’lumot uchun: Alisher Aymatli , bu – milliy jurnalistikamizda o‘z uslubi, ovozi, muxlislariga ega bo‘lgan ustoz jurnalist Esirgap Boliyevning aynan o‘zi.
U 1957-yilda Qo‘shrabot tumanining Aymat qishlog‘ida tavallud topgan. Kasbi – filolog.
Jizzax davlat pedagogika institutida tahsil olgan.
“Sirdaryo haqiqati” (Guliston), “Do‘stlik bayrog‘i” (Navoiy), “Zarafshon” (Samarqand), “Sovet O‘zbekistoni” (hozirda “O‘zbekiston ovozi”), “Xalq so‘zi” gazetalarida faoliyat yuritgan.
Bugun u dunyoning urib turgan yuragi – AQSHda yashaydi.
“Orzular mamlakati”da umrguzaronlik qiladi-yu qalbi, fikri-yodi Qo‘shrabotida – Aymatda.
Dunyo poytaxtlarining poytaxti – Nyu-Yorkning gavjum, jonga huzur baxsh etuvchi salqin go‘shalarida turib ham “Aymat” deb nafas oladi.
Uning olayotgan har bir nafasi – Aymat, har bir nafasi – O‘zbekiston.
Oddiy qishloqdan adashib poytaxtga kelib qolganda ham yaqin insonlar xotiradan ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan zamonda Alisher aka jisman Beruniy bobo ko‘p asrlar burun taxmin qilgan ummon ortidagi ertaklar mamlakatida qulaylik og‘ushida bo‘lsa ham qalbi O‘zbekiston bilan, do‘stlari, vatandoshlari bilan... Uning yozgan, yozayotgan har bir satri, bayti, she’rlari bunga dalil.
Shu yillar ichida Alisher Aymatlining “Yurak mezonlari”, “Arslon uyasi”, “Ko‘ngil hikmatlari”, “60” nomli kitoblari chop etildi. Bugun qo‘limizda uning navbatdagi yangi – “So‘z hazrati oliylari” kitobi.
Muallif istiqlolning ilk yillari mamlakatning bosh nashri bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasi, ushbu nashrda xizmat qilgan hamkasblari, matbuot va jamiyat haqida o‘zi bilgan, ko‘rgan haqiqatlarni samimiy, beg‘araz ifodalaydi. Ochig‘i, u hech kimni ayamaydi, jumladan o‘zini ham. Uning o‘zingiz bilgan, hurmat qilgan ayrim ustozlar haqida aytgan “achchiq” gaplarini ham osongina hazm qilib ketaverasiz, boisi – unda zarracha bo‘lsin, g‘araz ko‘rmaysiz.
Kitob yuzga yaqin alohida-alohida xotiralardan iborat. Har biri o‘ziga xos bir asar. Ammo ular bir-birini, oldingisi keyingisini to‘ldirib borayotganini his qilib turasiz, ya’ni yaxlit bir dilnomaga o‘xshaydi. Muallif bir paytlar mehnat qilgan jamoasi, uning shakllanishi, yutuq va qusurlari, jurnalistlar fe’l-atvorini ustalik bilan tasvirlaydiki, biz ularda birgina muallif hamkasblari – do‘stlari va “Xal so‘zi” jamoasinigina emas, mustaqillikning dastlabki yillaridagi milliy matbuotimiz qiyofasini o‘ziga xos bir qirralarini ham ko‘ramiz.
Kitobga “Kirish so‘zi” yozgan taniqli adib, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad Alisher Aymatlining bayon uslubi nihoyatda dilga yaqinligiga alohida e’tibor qaratadi: “Uslubi yoqimli, shirali, mutoyiba tuyg‘usi nihoyatda nozik... Quyma iboralar, tesha tegmagan o‘xshatishlar, hikmatga aylanishga tayyor jumlalar Alisher Aymatlining didi g‘oyatda nozikligidan, sara badiiyat sohibi ekanidan dalolat beradi” deya e’tirof etadi.
Ustoz Alisher Aymatlining “So‘z hazrati oliylari” kitobini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA