Mamlakatimiz hududlarining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi qanday?
Yurtimizda so‘nggi yillarda shifokorlar sonining ortib borayotgani raqobatbardosh tibbiy kadrlar salohiyati kengayishiga ham asos bo‘lmoqda.
Endilikda hududlarning shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi, jinsi, mutaxassisligi hamda ixtisosligini alohida tahlil qilish imkoniyati ham shakllandi.
Jumladan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra mamlakatimizda 112 ming 420 nafar shifokor faoliyat yuritgan. Bu 2024-yilga nisbatan 4 ming 923 nafar yoki 4,6 foizga ko‘p, degani.
Shifokorlarning 60 ming 282 nafari erkaklar bo‘lib, ularning umumiy sonidagi ulushi 53,6 foizni tashkil etgan. Ayol shifokorlar esa 52 ming 138 nafar yoki 46,4 foizdan iborat.
Shu tariqa, mamlakatimizda erkak shifokorlar soni ayol shifokorlardan ko‘proq ekani ma’lum bo‘ladi. Boshqacha aytganda, har 100 nafar shifokorning qariyb 54 nafari erkaklar, 46 nafari ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 2026-yil boshida O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 29,4 nafar shifokor to‘g‘ri kelgan.
A.RUSTAMOV,
O‘zA