Yuz bergan holatga huquqiy baho beriladi
Joriy yilning 7-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq videomurojaat tarqaldi.
Mazkur videomurojaat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida videoda aks etgan holat joriy yilning 15-sentabr kuni yuz bergani aniqlandi.
Bu bo‘yicha tegishli xodimlardan tushuntirish xatlari olinib, mavjud hujjatlar o‘rganildi. O‘rganish jarayonida videoda aks etgan go‘sht mahsulotlarining 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tegishliligi bo‘yicha yakuniy xulosa qilish uchun qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish zarurligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan, holatga to‘liq va har tomonlama aniqlik kiritish hamda huquqiy baho berish maqsadida o‘rganish davomida to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda To‘rtko‘l tumani ichki ishlar bo‘limiga yuborilgan.
Holat yuzasidan vakolatli organ tomonidan tegishli tartibda huquqiy baho berilishi ma’lum qilinadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri