O‘zbekiston va OTB: atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik izchil rivojlantirilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi direktori Kanokpan Lao-Araiya bilan uchrashdi.
Muloqotda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, cho‘llanish va chang-to‘zonlarga qarshi kurashish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, iqlim ma’lumotlari va monitoring tizimlarini rivojlantirish, iqlimni moliyalashtirish, chiqindilarni barqaror boshqarish hamda “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning OTB tomonidan amalga oshirilayotgan atmosfera havosi sifatini yaxshilash va cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan mintaqaviy texnik ko‘mak loyihalaridagi ishtiroki muhokama qilindi.
Iqlim o‘zgarishini kuzatish va uning oqibatlariga moslashishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Jumladan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda milliy iqlim ma’lumotlari platformasini yaratish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda qiymati 112 million dollarni tashkil etuvchi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini davom ettirish muhimligi ham ta’kidlandi.
Mazkur loyiha chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish hamda qariyb 4 million kishini chiqindilarni yig‘ish xizmatlari bilan qamrab olishni kengaytirishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunida istiqbolli ekologik loyihalarni ishlab chiqish, texnik va moliyaviy resurslarni jalb etish hamda aniq natijalarga qaratilgan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlarning bu boradagi hamkorligi O‘zbekistonda ekologik muammolarni hal etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA