Mamlakat tibbiyotida ilk bor yaxlit son suyagi almashtirildi (+video)
O‘zbekistonda ilk bor bemorning son suyagi yaxlitligicha almashtirildi. Bu bilan Beshariqdagi “Ixlos” klinikasi jarrohlari mamlakat tibbiyotida yangi sahifa ochdilar.
Yakkatut qishlog‘idagi “Ixlos” xususiy klinikasi dovrug‘i esa allaqachon Markaziy Osiyoga tarqalgan. Ayniqsa, tizza, son, qo‘ymich, tos, yelka suyaklarini davolash, qisman almashtirish borasidagi tibbiy sifat va narx uni mashhur qildi. Shu mintaqadagi bemorlar endi Hindiston yoki boshqa mamlaktalarga emas, Beshariqning Yakkatut qishlog‘iga– “Ixlos” xususiy klinikasiga kelishmoqda.

Shu kunlarda esa O‘zbekiston tibbiyoti uchun ham muhim voqea – son suyagini to‘lig‘icha almashtirish jarrohlik amaliyoti aynan Beshariqda, Yakkatut qishlog‘ida ro‘y berdi.

– Avtohalokatga uchraganimda chap oyog‘imning son suyagi pachoqlanib ketdi. Suyakning singan bir qismi tanamdan tashqariga tushgan, – deydi bemor Sayyora Turdaliyeva. – Meni Toshkent shahridagi shifoxonaga olib borishganida zudlik bilan chap oyog‘imni kesmoqchi bo‘lishdi. Men unga rozi bo‘lmadim.

Shundan so‘ng bemor Sayyora Turdaliyevani Beshariqqa, Yakkatut qishlog‘idagi “Ixlos” klinikasiga olib keldilar.

– Bemorda son suyagining ma’lum qismi umuman yo‘q, jarohat juda katta edi. Biz o‘ng oyoqdan massa va teri olib chap oyoqdagi yo‘q joylarga ekdik, – deydi “Ixlos” klinikasi bosh shifokori Salohiddin Aslonbekov. –Bemorga Ilizarov apparatini jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatdik. Maqsad uni faol holatga o‘tkazish edi. Natijada u qo‘ltiqtayoq bilan oyog‘ida turadigan bo‘ldi.
Ammo bu choralar vaqtincha edi.
– Son suyagining bo‘rtmasi ishlamaydi, bir qismi yo‘q. Unga sterjen qo‘ygan taqdirda ham suyak ishlamas edi. Shunda men Hindistondagi implant ishlab chiqaruvchi zavodga bordim. Bemorning chap son suyagi o‘lchamlari asosida ular implant yasab berishga rozi bo‘lishdi, – deydi Salohiddin Aslonbekov.

Implantniku yasab berishdi. Ammo jarrohlik amaliyotining o‘zi noyob edi. Shuning uchun hindistonlik mutaxassislar ham Beshariqqa keldilar.
– Bemordagi son suyakni to‘liq olib tashlab, tizza va tosga bog‘lanuvchi yaxlit implant son suyagini qo‘ydik. Bunday jarrohlik amaliyoti O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirildi. Biz bu ishni Beshariqning Yakkatut qishlog‘ida hindistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda bajardik. Hozirgi kunda bemorning jarohatlari bityapti. O‘tirishni boshladi. Tizza va quymichidagi oshiq-moshiq va implant suyak harakatlanyapti. Yana bir necha kundan so‘ng oyoqqa turadi, – deydi bosh shifokor.
Biz Sayyora Turdaliyeva bilan suhbatlashganimizda uning kayfiyati chog‘, shifokorlardan xursand edi. Jarrohlik amaliyoti haqida uning o‘zi ham gapirib berdi.
– Singan son suyaklarini olib tashlab o‘rniga Hindistonda tayyorlab keltirilgan sun’iy suyakni qo‘yishdi. O‘ng oyog‘imdan teri olib chap oyog‘imdagi teri yo‘q joylarga tikdilar. Hozir ahvolim yaxshi, qon aylanyapti, barmoqlarim harakat qilyapti, – deydi Sayyora Turdaliyeva.
Ha, avtohalokat natijasida son suyagi pachoqlanib ketgan, uning bir qismini esa butkul yo‘qotgan Sayyora og‘ir dardiga davo topdi.
– Tibbiyotda ham o‘zgarishlar katta. Birgina Beshariqni oling. 3 yil oldin 2 tagina xususiy klinika bor edi, xolos. Hozir 50 taga yetdi, – degan edi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida. Minbardan aytilgan bu gapda Yakkatut qishlog‘idagi “Ixlos” klinikasini ham nazarda tutilgan edi.
Aslida Yakkatut qishlog‘idagi “Ixlos” klinikasiga xorijiy mamlakatlardan ham ko‘plab bemorlar keladi.
– Men Tojikistondan keldim. Yura olmas edim. To‘rt oy oldin o‘ng oyog‘imni operatsiya qildirdim. Hozir yuryapman. Bugun chap oyog‘imni operatsiya qilishadi, – deydi tojikistonlik bemor Abdurasul Azimov.
– Klinikamizga bir yilda 5 mingdan ziyod Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari murojaat qilmoqda. Bulardan 500 dan ziyodi yotib davolandi. Ellikdan ortig‘iga esa yuqori texnologik jarrohlik xizmati ko‘rsatildi, – deydi Salohiddin Aslonbekov. –Polsha, Italiya, Germaniya, Rossiya va boshqa bir necha mamlakatlarda malaka oshirdik. Mutaxassislarimiz yetarli. Yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazish uchun sharoitimiz bor. 21-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi eng nufuzli travmatologiya va ortopediya markazlariga hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va malaka oshirish uchun ketyapmiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZvfOp1uBnFM" title="Mamlakat tibbiyotida ilk bor yaxlit son suyagi almashtirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA