Mamlakat taraqqiyoti bilimli, salohiyatli yoshlar qo‘lida
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqida kelgusi o‘n yillikni – Milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidlab, milliy yuksalish davrida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan yettita muhim dasturni belgilab berdi.
Dasturda belgilangan vazifalar bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Ushbu vazifalarni ro‘yobga chiqarishda bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning kapitaliga aylantirish eng ustuvor vazifa etib belgilanganligini alohida aytish lozim. Chunki, davlatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, qo‘yingki, barcha jabhalari rivoji ilm-fan va ta’lim-tarbiya yutuqlari natijasidagina amalga oshiriladi.
Dasturning ijrosiga doir amaliy ishlar mahsulini Prezidentimizning kuni kecha keng nishonlangan “O‘qituvchi va murabbiylar” kunidagi ma’ruzasida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ma’ruzada 2017-yildan buyon 1,8 million o‘rinli bog‘cha, 1,5 million o‘rinli maktab barpo etilib, 10 mingdan ortiq bog‘cha va maktablar zamonaviy ko‘rinishga keltirilgani, shu bilan birga, xorijiy ilg‘or davlatlar tajribasidan foydalanib, yangi avlod darsliklarini tayyorlash ishlari rejali davom ettirilayotganligi qayd etildi.
Jamiyatimizda o‘qituvchining obro‘si, qadr-qimmati keskin oshdi. Buning natijasida xalqaro va milliy sertifikatga ega ustozlar soni 143 ming nafarga yetdi. Ilk bor joriy yilda “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar shahar va tuman g‘oliblariga 616 milliondan so‘mdan pul mukofoti berildi. Muallimlar mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish ishlarining tizimli va muntazam olib borilayotganligiga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Ustoz va murabbiylarning yosh avlodga berayotgan bilimlari, tarbiyasi ham o‘z mevasini bermoqda. Joriy yilda o‘quvchilar nufuzli olimpiadalarda 38 ta oltin, 82 ta kumush, 108 ta bronza, jami 228 ta medallar sohibiga aylandi. Yurtimizda birinchi bor o‘tkazilgan Xalqaro kimyo va informatika olimpiadasida yoshlarimiz 8 ta medalni qo‘lga kiritdi. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyo mamlakatlari orasida 48-o‘rinni egalladi.
Yil sayin malakali, raqobatbardosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj oshayotganligi tufayli oliy ta’lim rivojiga, undagi ta’lim sifati va mazmuniga jiddiy e’tibor qilish talab etilmoqda. Buni inobatga olgan holda davlatimiz tomonidan sohada islohotlar jadal olib borilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda 2016-yilda oliy o‘quv yurtlari 78 tani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 230 dan ortib ketdi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrovi darajasi esa oliygohlar soni va qabul kvotalarini oshirilishi hamda nufuzli xorijiy universitetlar filiallarini ochilishi evaziga 9 foizdan 50 foizga yetdi.
O‘tgan 10 yil mobaynida mutlaqo yangi tizim, ya’ni dual ta’lim shakli joriy etilib, rivojlangan xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik kuchaytirilib, ishlab chiqarish bilan nazariy bilimlarning integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kasbiy ta’lim muassasalarida o‘n yil oldingi 1 ming 500 tadan 2 ming 500 taga oshirildi.
Tabiiyki, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, innovatsiyalar har qanday mamlakat taraqqiyotining asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi. Uni harakatga keltiruvchi kuch esa yoshlardir. Buning uchun mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlarni ishga solish, sun’iy intellekt, IT, raqamli texnologiya, barcha sohalarga kreativ yondashish yo‘nalishlarini tatbiq etish zarur bo‘ladi.
Qudratillo Ibaydullayev,
Andijon davlat pedagogika instituti professori.