Maktabdan tashqari ta’lim samaradorligi oshmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Maktabdan tashqari ta’lim: sifat va samaradorlik” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Maktabdan tashqari ta’lim: sifat va samaradorlik” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari mutasaddilari, ilmiy-tadqiqot institutlari, Respublika ta’lim markazi mutaxassislari, maktabdan tashqari ta’lim maskanlari pedagoglari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Shodmonov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori E.Iskandarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Maktabdan tashqari ta’lim bolalarning o‘qishga qiziqishini oshirishi bilan birga ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan «Barkamol avlod» bolalar markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘g‘il-qizlarning iste’dod va qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, kasb-hunarga yo‘naltirish imkonini bermoqda.
An’anaviy tarzda tashkil etilayotgan «Ona yurt ohanglari», «San’at g‘unchalari», «Kamalak» yulduzlari», «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika ko‘rik-tanlovlari, Tasviriy va amaliy san’at festivali kabi ijodiy loyihalar maktabdan tashqari ta’lim maskanlariga qatnayotgan bolalarning faoliyatini keng jamoatchilikka tanitmoqda, ularni yanada ilhomlantirmoqda.
Davra suhbatida maktabdan tashqari ta’lim muassasalaridagi to‘garaklar mashg‘ulotlarining sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, to‘garak rahbarlarining kasb salohiyatini muttasil oshirish, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini malakali sport murabbiylari bilan yanada ko‘proq ta’minlashga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.