Mahkuma ayollar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qo‘ng‘irot tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining 6-mintaqaviy hududi, 27-son manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 42 nafar mahkuma ayol ishtirokida “Har bir ayol mehr va e’tiborda” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Oilada huquqiy madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i Sh.Sobirova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi kotibiyati mudiri B.Ayimbetova va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida mahkuma ayollarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni jamiyatga moslashtirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, inson huquqlarini ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga oid tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, madaniy-konsert dasturi namoyish etildi.

Mazkur tadbir mahkuma ayollarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topib, qonun talablariga rioya qilgan holda hayot kechirishiga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA