Mahalliylashtirish: innovatsion g‘oyalar sanoat amaliyotiga tatbiq etilmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida importga qaramlikni kamaytirish, ichki ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Xususan, “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida 137 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha jami 200,4 milliard so‘mlik mahsulot va ehtiyot qismlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu jarayonda kombinatning eng yirik mega loyihalaridan biri doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasi ehtiyojlarini mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, “Shatakka olish” mexanizmi asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik kengaytirilib, “Karbon Polimer” MCHJ tomonidan konveyer liniyalari uchun 50 dan ortiq turdagi roliklar ishlab chiqarilmoqda. An’anaviy metall o‘rniga polimerdan tayyorlanayotgan mazkur roliklar dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ularning yengilligi tasmaning yeyilishini hamda konstruksiyalarga tushadigan og‘irlik yuklamasini kamaytirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, ushbu korxonada konveyer lentalariga yopishib qoladigan tog‘ jinslarini tozalash uchun maxsus skriboklar — qirg‘ichlar ishlab chiqarish ham o‘zlashtirildi. Hozirga qadar 3-Mis boyitish fabrikasiga 120 dona ana shunday ehtiyot qism yetkazib berildi.

Konveyer lentalari va bunkerlarning yuk tushadigan qismlariga o‘rnatilayotgan polimer amortizatsiya yostiqchalari esa yirik toshlarning zarbasini kamaytirib, lentaning temir asosga urilishi va erta ishdan chiqishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Mahalliylashtirish jarayoni “Laroks” (Larox) press-filtr uskunalari ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni ham qamrab oldi. Xorijda ishlab chiqarilgan mazkur uskunalar uchun zarur detallarni mahalliy korxonada tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, fabrika sharoitidagi sinovlar ijobiy natija berdi. Bu esa kelgusida kombinatning salmoqli miqdordagi valyuta mablag‘larini tejash imkonini beradi.
Fabrikada tog‘ jinslari aralashmasi — pulpa oqimi ta’sirida quvurlar, tosh maydalash tegirmonlari va elaklarning tez yeyilishi muammosiga ham mahalliy innovatsion yechimlar taklif etilmoqda. Jumladan, mazkur uskunalar ichki qismlarini yengil va chidamli polimer qoplamalar bilan himoyalash ishlari amalga oshirilmoqda.

Muhimi, bunday loyihalar faqat alohida ehtiyot qismlarni mahalliy ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmayapti. Ular kombinatning xorijiy yetkazib beruvchilarga bog‘liqligini kamaytirish, valyuta mablag‘larini tejash, mahsulot tannarxini optimallashtirish va mahalliy ishlab chiqarish zanjirini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa, mahalliy korxonalarning yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiyasi yangi mahsulot va texnologiyalarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
A.Musayev, O‘zA