Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid loyiha
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan tashqi savdo bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya, ya’ni qaytarishni kechiktirgan rezidentlarga qo‘llaniladigan jarimani kamaytirish vakolati berilmoqda.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ushbu loyiha 2026-yil 16-fevraldagi Prezident farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilmagan tadbirkorlarga nisbatan sudlarga ishning asosiy holatidan kelib chiqib jarima miqdorini kamaytirish yoki yengillatish imkoniyatini berishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, iqtisodiy sudlarga xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan ko‘rilgan choralar va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda jarima miqdorini kamaytirish vakolati berilishi taklif etilmoqda. Mazkur o‘zgartishlar tashqi savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan insofli tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Deputatlar loyiha amaliyotga joriy etilsa, sudlarga har bir ishning aniq holatlarini hisobga olgan holda qaror qabul qilish imkoniyati kengayishi hamda tadbirkorlarning sud himoyasida bo‘lish kafolatlari kuchayishi va davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratining samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
M.Komilova,
O‘zA