"Mahalla"ni YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq, “Mahalla”ni YUNESKO Nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inog‘omov olib bordi. Muloqot davomida YUNESKO ro‘yxatiga kiritish talablari hamda mahalla institutining tarixiy shakllanishi va bugungi kundagi ijtimoiy ahamiyati muhokama qilindi.

Nominatsiya hujjatlari mahallaga xos urf-odatlar, marosimlar, hashar, o‘zaro ko‘mak va qo‘shnichilik an’analari asosida shakllantirilishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, YUNESKO talablariga muvofiq ilmiy konsepsiya ishlab chiqish, tarixiy va etnografik materiallarni tizimlashtirish, foto va videomateriallarni jamlash, ekspert xulosalari hamda mahalliy hamjamiyatlarning roziligini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.
N.Usmonova,
O‘zA