Mahallalarda obodonlashtirish ishlari boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari mahallalarida eng ulug‘, eng aziz bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasidagi obodonlashtirish ishlari boshlandi.
Joriy yilda Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi yurtimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya ostida keng nishonlanadi. Ushbu ulug‘ bayramni mahallalarda yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida mamlakatimizda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Ellikqal’a tumanida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, tuman mahallalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Ichki ko‘chalar tartibga keltirilib, ariq-zovurlar tozalanmoqda. Hududlar chiqindilardan xalos etilib, daraxtlar oqlanmoqda hamda gul va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda. Shuningdek, jamoat joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari va mahalla hududlarini yanada fayzli va shinam holatga keltirish bo‘yicha hasharlar uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Mustaqilligimizning 35 yillik bayramini munosib kutib olish maqsadida Chimboy tumanida katta obodonlashtirish harakati boshlandi. Obod makon mahallasidan boshlangan bu ezgu ish barcha hududlarni qamrab olmoqda. Bugun Chimboyning har bir mahallasi, har bir ko‘chasi, har bir xonadoni bu obodlik ishlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan mahallalarga yangi muhit olib kirish va “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan asosiy vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tuman hokimligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, “Mahalla yettiligi” va “Obod makon” fuqarolar yig‘ini mas’ullari ishtirokida bayram oldidan olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining borishi joyida o‘rganildi.
O‘rganish davomida hududlar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholi uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi muhim chora-tadbirlar belgilab olindi va mutasaddilarga tegishli topshiriq berildi.
Xo‘jayli tumanida start olgan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tozalash ishlari olib borildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu ezgu tashabbusni xalqimiz bilan birgalikda hamjihatlikda o‘tkazib, barchani tabiatimiz musaffoligiga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishga chaqirdi. Shuningdek, boshlanayotgan obodonlashtirish oyligi doirasida ko‘chalar, mahallalar, ijtimoiy soha ob’ektlari, ichki yo‘llar tartibga keltirilib, daraxt va gul ko‘chatlari ekilishi belgilandi.
Xususan, shu kunning o‘zida ko‘chalar bo‘yidagi yovvoyi o‘t-o‘lanlar va qurigan shoxlar yig‘ishtirib olindi. Mazkur ishlarga qo‘shimcha maxsus texnikalar jalb etilib, markaziy ko‘chalar toza va obod maskanga aylantirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri