Yangi muhit, yuksak mas’uliyat va tashabbuskorlikka asoslangan taraqqiyot
Prezidentimiz raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda belgilab berilgan vazifalar mahalla tizimini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Eng muhimi, mahalla faqat aholi murojaatlarini qayd etadigan yoki mavjud muammolarni yuqori tashkilotlarga yetkazadigan tuzilma emas, balki o‘z hududining ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyotini boshqaradigan muhim maskan bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.

Mahalla xalqimizning asriy qadriyatlari, ezgu an’analari va o‘zaro mehr-oqibati mujassam bo‘lgan betakror ijtimoiy makondir. Insonning quvonchi, tashvishi, orzusi, maqsadi, oilaviy hayoti va jamiyatga munosabati, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, mahalladagi muhit butun jamiyatning ma’naviy qiyofasini belgilaydi.
Mahalla raisi — hududning haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi lozim. Yig‘ilishda mahalla raisi ijtimoiy muammolarni shunchaki qayd etuvchi shaxsdan o‘z hududining “iqtisodiy buyurtmachisi”ga aylanishi zarurligi belgilandi. Endi har bir mahalla raisi hududining ijtimoiy va iqtisodiy buyurtmasini shakllantirib, muammolarni aniq hisob-kitob qiladi, zarur loyihalarni tayyorlaydi va mas’ul tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yadi. Shuningdek, xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun bo‘sh yer maydonlarini auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.
Mahalla raisi “yettilik” a’zolarining haftalik va oylik ish rejalarini tasdiqlashi, har bir a’zoga aniq vazifa berishi va natijani talab qilishi belgilandi. Bu mahallada “menga tegishli emas”, “mening vakolatimga kirmaydi” degan qarashga o‘rin qolmasligini anglatadi. Chunki mahalla hududidagi har bir oilaning taqdiri, har bir yoshning kelajagi va har bir ehtiyojmand insonning muammosi “yettilik”ning umumiy mas’uliyati hisoblanadi.
Har bir xonadon – bir imkoniyat, har bir tashabbus – yangi ish o‘rni demakdir. Mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash shunchaki statistik vazifa emas. Bu insonning o‘z kuchiga ishonchini tiklash, oilalarga barqaror daromad manbasini yaratish, farzandlar kelajagini ta’minlashdir.
Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish usulini tubdan o‘zgartirish vazifasi qo‘yildi. Endi bank har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlashi, tashabbuskor fuqarolarni topishi, ularning g‘oyasini daromadli loyihaga aylantirishi lozim. Bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilishi belgilandi. Bu bankirning hududga chuqur kirib borishi, har bir xonadonning imkoniyatini o‘rganishi va tashabbuskorlar bilan bevosita ishlashi uchun sharoit yaratadi.
Mahalladagi muammoni imkoniyatga aylantirishning eng to‘g‘ri yo‘li loyiha qilishdir. Bo‘sh turgan yerga issiqxona, xususiy bog‘cha yoki sport inshooti qurish mumkin. Hunari bor, ammo ishsiz fuqaroni zarur uskuna bilan ta’minlash mumkin. Xizmat ko‘rsatishga ehtiyoj bor joyda kichik servis ob’ekti ochish, tomorqadan unumli foydalanish, hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirish mumkin. Muhimi, mahalla raisi va “yettilik” har bir insondagi qobiliyat va imkoniyatni ko‘ra bilishi kerak.
Obodlik ma’naviyatning ko‘zgusidir. Bu bugun aytilgan gap emas. Qadimdan obod yurtda baraka bo‘lgan. 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. Barcha islohotlarning amaliy natijasi mahallada, xonadonda va odamlarning kayfiyatida ko‘rinishi kerak.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana munosabati bilan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi. Bu ishlar bir oylik tadbir emas, balki yil davomida amal qiladigan umummilliy harakatga aylanishi lozim.
Xalqimiz azaldan ozodalikni iymondan, obodlikni esa ma’naviyatdan deb bilgan. Pokiza ko‘cha, saranjom xonadon, gullab-yashnagan hovli, bu faqat tashqi ko‘rinish emas. Bu shu hududda yashaydigan insonlarning madaniyati, mas’uliyati va Vatanga daxldorligining ifodasidir.
Ma’naviy muhit barqaror taraqqiyot poydevori sanaladi. Mahallani rivojlantirish masalasini faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Daromad, bandlik va infratuzilma qanchalik muhim bo‘lsa, ma’naviy muhit, oilaviy totuvlik, yoshlar tarbiyasi, jinoyatchilik va turli yot g‘oyalarning oldini olish ham shunchalik muhimdir.
Xavfsiz mahalla faqat profilaktika inspektorining faoliyati bilan yaratilmaydi. Buning uchun ota-ona, ta’lim muassasasi, mahalla faollari, nuroniylar, imom-xatiblar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari hamjihat bo‘lib ishlashi zarur. Jinoyat oqibati bilan kurashishdan ko‘ra, uni keltirib chiqaradigan ma’naviy, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni bartaraf etish samaraliroqdir.
Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi hamda uning tuman va shahar bo‘linmalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Bundan buyon o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar faqat hisobot uchun emas, odamlarning ongi va hayotida aniq o‘zgarish paydo qilishga xizmat qilishi kerak. Har bir davra suhbati, uchrashuv, targ‘ibot tadbiri yoki ochiq muloqot mahalladagi muayyan muammoga yechim topishi, odamlarni birlashtirishi va ezgu tashabbusga undashi lozim.
Viloyatimizdagi mahallalarda “Jaholatga qarshi ma’rifat”, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarning bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, milliy libos va qadriyatlarga hurmatni oshirish, tozalik va obodlik madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlaridagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.
Har bir mahalladagi ilg‘or tajribani ommalashtirish, tashabbuskor raislar va faol fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlarni ezgu loyihalar atrofida birlashtirish muhim vazifamiz bo‘lib qoladi.
Mahalla idorasiga kirgan inson muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi, e’tiborsizlik yoki sansalorlikka duch kelmasligi kerak. U mahallada ishonchni, davlatning e’tiborini, jamiyatning mehr-oqibatini va o‘z hayotini yaxshilash imkoniyatini his qilishi shart.
Mahalla raisi odamlarni tinglasa, “yettilik” ahil va hamjihat ishlasa, ziyolilar, nuroniylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar umumiy maqsad atrofida birlashsa, yechilmaydigan muammo qolmaydi.
Nigora Qashqaboyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA.