«TalabaExpo–2026»ga tayyorgarlik qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida 21-iyul kuni o‘tkaziladigan «TalabaExpo–2026» kasb yarmarkasini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, fakultetlar dekanlari, bo‘lim va departamentlar rahbarlari ishtirok etib, tadbirni tashkiliy jihatdan puxta o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
«TalabaExpo–2026» kasb yarmarkasi O‘zbekiston Milliy banki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash, kasbiy yo‘nalishini belgilash hamda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
[gallery-30490]
Yig‘ilishda, shuningdek, 21-iyul kuni o‘tkaziladigan maktab va texnikum bitiruvchilari uchun «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ayni paytda universitetning «Universal» sport majmuasida yarmarkaga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar bo‘yicha maslahat maydonchalari tashkil etiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA