Mahallaga yangi transformatorlar o‘rnatildi
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida aholini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Tumanning Karimdevona mahallasida mavjud 560 dan ziyod xonadonda 2 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ushbu xonadonlarning aksariyatida aholi kasanachilik asosida mehnat qilayotgan bo‘lsa, qariyb 40 ta korxonada tadbirkorlar polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Biroq eskirgan elektr tarmoqlari hamda transformatorlarning ortiqcha yuklama bilan ishlashi ko‘p yillar davomida mahalla ahlini qiynab kelayotgan edi.
Aholi murojaatlari asosida tuman hokimligi tashabbusi bilan mazkur muammo bugungi kunda bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.

Mahallada elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida har birining quvvati 160 kVA bo‘lgan 4 ta yangi transformator o‘rnatildi. Shuningdek, tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan eski simyog‘ochlarni demontaj qilish, ularning o‘rniga jami 167 ta yangi beton tayanch o‘rnatish hamda 1,2 kilometr uzunlikdagi 10 kV havo elektr tarmoqlarini tortish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.

Muhammadjon Obidov, O‘zA