Mahalla – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining tayanch nuqtasi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish va xizmatlarni bevosita mahallaga tushirish, “inson qadri uchun” tamoyilini jamiyatning eng quyi bo‘g‘inida qaror toptirish tizimli islohotlarning bosh mezoniga aylandi.
Mahalla bugun shunchaki o‘zini o‘zi boshqarish organi emas, balki aholining ijtimoiy muammolarini hal etuvchi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi va hududning ma’naviy-huquqiy muhitini belgilab beruvchi fuqarolik jamiyatining unikal instituti sifatida shakllanib ulgurdi.
Mahalla tizimini takomillashtirishning eng muhim bosqichi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini e’tirof etish lozim.
Ushbu hujjatlar asosida avvalgi “mahalla beshligi” tarkibi kengaytirilib, unga soliq inspektori va ijtimoiy xodimning kiritilishi natijasida “mahalla yettiligi” instituti yuzaga keldi. Bu o‘zgarish shunchaki son jihatidan emas, balki mazmunan yangilanish bo‘ldi.
Endilikda mahalla raisi boshchiligidagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika va soliq inspektori, ijtimoiy xodim yagona jamoa bo‘lib ishlamoqda. Bu tizim ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarni “bitta darcha” tamoyili asosida muvofiqlashtirish imkonini berdi. Natijada davlat xizmatlari aholi uchun yanada ochiq, tezkor va qulay shaklda taqdim etilishiga huquqiy va tashkiliy asos shakllantirildi.
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Joriy yilgi Davlat dasturi doirasida 500 ta mahallada o‘tkazilayotgan eksperiment “yettilik” a’zolarini mahallaning o‘z aholisi orasidan yoki yondosh hududdan tayinlash amaliyoti tizimning xalqchilligini yanada oshirmoqda. Bundan tashqari, xodimlarni o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ortiqcha majlisbozlik va ortiqcha topshiriqlardan ozod qilish bo‘yicha o‘rnatilgan qat’iy tartiblar ularning faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilyapti.
Bugungi mahalla – yuqori texnologiyalar joriy etilgan makon. “Raqamli mahalla” elektron platformasi mahalla raisidan tortib, hokim yordamchisigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarni yagona tizimda birlashtirdi. Mazkur platforma orqali aholi o‘z murojaatlarini onlayn yuborishi va ularning ijrosini real vaqt rejimida kuzatishi mumkin. Tizim nafaqat byurokratiyani kamaytiradi, balki xodimlar faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan KPI asosida xolis baholash imkonini yaratdi. Bu esa har bir xodimning mas’uliyatini oshirib, ish sifatini ta’minlamoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda 8 992 ta mahallada 55 mingdan ortiq “yettilik” xodimlari va 1 millionga yaqin faollar hamkorligida qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2 090 ta (23 foiz) mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylantirilgan. 1 435 ta (16 foiz) mahallada kambag‘allik keskin qisqartirilgan hamda 4 388 ta (49 foiz) mahallada jinoyatchilik darajasi pasaytirilib, xavfsiz muhit yaratilgan. Ayniqsa, xorijdan qaytgan 428 ming nafar migrantlarning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasidagi ishlar mahallaning naqadar muhim ijtimoiy kuch ekanini ko‘rsatdi.
Islohotlarning yana bir strategik yo‘nalishi, bu – mahallalarning moliyaviy mustaqilligidir. Prezident qaroriga asosan, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 15 foizi bevosita mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalariga yo‘naltirilmoqda.
2026-yilgi Islohotlar dasturida mahalla jamg‘armalaridan foydalanishda shaffoflikni oshirish va qaror qabul qilish vakolatini to‘liq mahalla kengashlariga berish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. “Mahalla yettiligi” tizimi boshqaruv jarayonlarini detsentralizatsiya qilishga, ya’ni qaror qabul qilish vakolatlarini xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Ekspertlar fikricha, ushbu tizim nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy-ma’rifiy yuksalishning ham poydevoridir. Mahalladagi ijtimoiy xodimning faoliyati yordamga muhtoj qatlamni manzilli aniqlash imkonini bersa, soliq inspektori tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘maklashish orqali hududning daromad bazasini kengaytirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan islohotlar mahalla institutini an’anaviy maslahat organidan zamonaviy, ko‘p maqsadli boshqaruv tizimiga aylantirdi. Erishilgan natijalar mahalla muammolar yechim topadigan va inson qadri yuksaladigan maskanga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Munira XAYRIDDINOVA,
Demokratik jarayonlarni
tahlil qilish markazi eksperti.
O‘zA