“Mahalla kubogi” musobaqalari davom etmoqda
Buxoro viloyatida 13-16 yoshli o‘smir o‘g‘il va qizlar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqasining shahar, tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahalla va qishloqlarda yoshlarni ommaviy sport turlariga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
O‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” respublika turniri 4 bosqichdan iborat. 1-bosqich bellashuvlari mahallalarda, 2-bosqich shahar va tumanlarda, 3-bosqich musobaqalari viloyatlarda va nihoyat 4-bosqich, ya’ni “Mahalla kubogi” respublika turnirining finali o‘tkazilib yakun topadi.
[gallery-9578]
Musobaqa Nizom qoidalariga to‘liq rioya etgan holda turnirning Shofirkon tumani bosqichi “Boboato” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Revgar” sport majmuasida tashkil etildi. Unda 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smir o‘g‘il-qiz bolalar ishtirok etdi.
Musobaqa Nizomiga ko‘ra jamoalar tarkibiga imkon qadar huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ichki ishlar idoralari hisobida turgan, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”dagi oilalar, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarning 13-16 yoshdagi o‘smir o‘g‘il va qiz bolalari jalb etilishi ta’kidlangan. Ular orasida sport ommaviyligini oshirish, zararli odatlarga o‘rganishdan saqlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, sog‘lom turmush tarzini singdirish – ushbu turnirning asosiy maqsad va vazifasidir.
Musobaqa Shofirkon tumani hokimligi, mahalla xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman sportni rivojlantirish hamda milliy gvardiya bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.
“Mahalla kubogi” turniri g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. G‘olib bo‘lgan yosh stol tennischilar musobaqaning viloyat bosqichi yo‘llanma oldi.
Shofirkon tumani hokimligi
axborot xizmati