“Made in Uzbekistan” brendi Tokioda: dunyoni zabt etayotgan o‘zbek ta’mi
Shu kunlarda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida “Anuga Select Japan-2026” xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
“Made in Uzbekistan” milliy stendi tashkil etilgan mazkur tadbirda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bu haqda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Matbuot xizmati xabar bergan.

“Anuga Select Japan-2026” oziq-ovqat sanoatidagi eng so‘nggi innovatsiya, sog‘lom ovqatlanish va barqaror rivojlanish tendensiyasi namoyishi uchun asosiy maydon hisoblanadi. “Sog‘lom sayyora uchun sog‘lom oziq-ovqat!” mavzusida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmada sifatli oziq-ovqat, ichimlik, go‘sht mahsulotlari va muzlatilgan tayyor taomlar namoyish etilmoqda.
Jami 126 kv/m maydonda tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” milliy stendida 18 korxona tomonidan milliy mahsulotlarimiz taqdim qilingan. Jumladan, sara quritilgan meva, tabiiy sharbat, ziravor va qandolat mahsulotlari nafaqat mahalliy, balki butun Sharqiy Osiyo sarmoyadorlarida jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda.

Dunyoning ayni yo‘nalishdagi eng ilg‘or tajribasi jamlangan ushbu maydonda mamlakatimiz vakillari faol ishtirok etishi Yaponiya bozorida O‘zbekiston mahsulotlari eksportini kengaytirish va yangi strategik hamkorlar topish yo‘lidagi dadil qadamdir.
Serquyosh zaminimizda yetishtiriladigan sifatli, xaridorgir mahsulotlar shifobaxshligi va tabiiyligi bilan ajralib turadi. Shu nuqtai nazardan, ushbu ko‘rgazma eksportchilarimiz uchun xorijiy hamkorlar safini kengaytirish, samarali shartnomalar imzolash, yangi bozorlar kashf etish imkonini berdi.

Mahsulotlarimizni “Made in Uzbekistan” brendi ostida dunyoga tanitish esa mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirib, iqtisodiyotimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA