Qonunchilikdagi o‘zgartirishlar tushuntirilmoqda
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv, davra suhbati va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Sariosiyo tumanida Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tashkil etgan uchrashuvda Sariosiyo va Uzun tumanlari ichki ishlar bo‘limlari jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya hisobida turgan shaxslar, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudi raisi A.Ro‘ziqulov, Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari O.Hayitov, J.Xudoyberdiyev va boshqalar mazkur qonun bilan amaldagi qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mazkur turdagi moddalarning noqonuniy muomalasi ortib borayotgani aholi salomatligi va millat genofondiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani qayd etildi. Bu kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotgani izohlandi.
Muhokamalar davomida qonunchilikka kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar aholi salomatligi hamda genofondga tahdid soluvchi jinoyatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi xususida fikr almashildi.

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri