Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi
Bugungi kunda yurtimizda madaniyat, san’at va adabiyotga bo‘lgan e’tibor tom ma’noda yangicha ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining soha vakillari bilan bo‘lgan muloqotidan so‘ng qator tashabbuslar ilgari surilib, ularning amaliy ijrosiga kirishilgan.
Shu maqsadda, Respublika baxshichilik san’ati markazi hamda Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi faoliyatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan tanishildi.
Unda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev ishtirok etib, Respublika baxshichilik san’ati hamda Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, mavjud natijalar va ikkinchi yarim yillik uchun belgilangan ustuvor vazifalar taqdimoti bilan tanishdi.

Muhokamalar davomida tashkilotlar faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, ularning samaradorligini oshirish, ish sifatini yuksaltirish va belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlarni tashkil etish, mahorat maktablari uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda metodik tavsiyalar ishlab chiqish, sohaga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida barcha tashkilot rahbarlari va mas’ul xodimlarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hamda yuqori sifat bilan amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov,
O‘zA