“Dasturxonlar do‘stligi” milliy madaniyatlar rang-barangligini namoyish etdi
30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida Milliy madaniy markazlar pavilonida “Dasturxonlar do‘stligi” shiori ostida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. U turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmasi, milliy liboslar namoyishi hamda raqs kechasini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy mehmonlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar tomonidan turli xalqlarning o‘ziga xos milliy taomlari, pazandachilik an’analari va dasturxon bezash madaniyati namoyish etildi. Mehmonlar har bir xalqning gastronomik merosi, milliy taomlarining tayyorlanish tarixi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy liboslar namoyishi tashkil etilib, unda turli millatlarning tarixiy kiyinish madaniyati, amaliy bezak san’ati va estetik qarashlari aks ettirildi.
Raqs kechasida esa milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar festival ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi hamda madaniyatlar uyg‘unligining yorqin namunasini namoyon etdi.
[gallery-30627]
Tadbir davomida ishtirokchilar turli millatlarning urf-odatlari, an’analari va milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish, o‘zaro muloqot qilish hamda madaniy almashinuvni mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
E’tirof etilganidek, “Do‘stlik” festivali doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, turli millat va elat vakillarining boy madaniy merosini keng targ‘ib etish hamda “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbiri