Madaniy meros muhofazasiga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligi aytildi
Madaniy meros ob’ektlari yurtimizning tashrif qog‘oziga aylangan, ajdodlarimizdan meros muhim boyligimizdir. Ularni asrab-avaylash dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada 2025-yilda madaniy meros ob’ektlari muhofazasi uchun jami 125 mlrd. so‘m byudjet mablag‘i ajratilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 60 ta madaniy meros ob’ektida restavratsiya va ta’mirlash ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ammo Madaniy meros agentligi vakiliga ko‘ra, bu mablag‘lar yetarli emas. Chunki, avariya holatidagi ob’ektlar restavratsiyasi uchun katta mablag‘ talab etiladi. Davlat dasturida esa 60 ta ob’ekt nazarda tutilgani bois kichik, kamxarjroq ob’ektlarni tanlab olishga majbur bo‘linadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilinar ekan, deputatlar partiya dasturidan kelib chiqqan holda madaniy meros, madaniyat markazlari va ta’lim sohasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
— Fraksiya a’zolarining joylardagi o‘rganishlari davomida ko‘plab madaniy meros ob’ektlari ta’mirtalab ahvolda ekanligiga guvoh bo‘linyapti, — dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. — Haqiqatan ham madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash, tiklash, restavratsiya qilish ishlari katta mablag‘larni talab etadi. Shunday ekan, yil boshida Davlat byudjetini shakllantirish paytida Madaniy meros agentligi ushbu maqsadlar uchun qancha mablag‘ kerakligi, qaysi ob’ektda qanday ishlar tashkil qilinishi haqida takliflar berishi kerak. O‘zMTDP madaniy meros ob’ektlari muhofazasini doim qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu borada agentlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda boy merosimizni saqlashga e’tibor qaratadi, — dedi A.Qodirov.
Shuningdek, muhokamalarda deputat Azamat Pardayev o‘tgan yili madaniyat saroylarini saqlash va ta’mirlash uchun 400 mlrd. so‘m ajratilgani, lekin uning samarasi ko‘rinmayotganini ta’kidladi. Hududlardagi o‘rganishlarda aksariyat madaniyat saroylari ta’mirtalab holatga kelib qolganini bildirdi.

Shuningdek, deputatlar “Tirik tarix” dasturi doirasida 2025-yilda nechta tarixiy film topshirilgani bilan qiziqdi. Bunga javoban Kinematografiya agentligi vakili tarixiy kino olish 1,5-2 yil muddatni talab qilishini aytib o‘tdi. Ushbu maqsad uchun 250 mlrd. so‘m byudjet mablag‘i ajratilgani, 70 mlrd. so‘mi sarflangani, 11 ta film topshirilganini ma’lum qildi.
Fraksiya a’zolari o‘zlashtirilgan summa juda kamligini, tarixiy film g‘oyasi uchun yetarlicha mavzularimiz, boy tariximiz borligini ta’kidlab, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda tarixiy filmlarning o‘rni muhim ekanligini qayd etdi. Bunda Kinematografiya agentligi tashabbuskor bo‘lishi lozimligi aytildi.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025-yildagi ijrosi muhokamalarida yana bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, tegishli javoblar olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA