Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi urush hududidagi fuqarolar ro‘yxatini Rossiyaga yuboradi
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ayni payt urush hududida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarish bo‘yicha Rossiya bilan muzokara olib borilayotganini bildirdi.
Idora har bir so‘rov ko‘rib chiqilayotgani va qayd etilayotganini ta’kidladi.
– Ko‘rib chiqish jarayoni tugagach, tuzilgan ro‘yxat RF tomoniga yuboriladi, – deyilgan bayonotda. – TIV bu masala yuzasidan Rossiya tomoni bilan turli darajada doimiy hamkorlikni davom ettirmoqda.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston fuqarolarining ko‘plab video murojaatlari tarqalgandi. Lavhalarda qozog‘istonliklar qo‘riqlash idoralarida ishlash niqobi ostida Rossiyaga aldanib, keyin majburan Ukraina bilan urush hududiga yuborilgani, taklif rad etilgan taqdirda qamoq jazosi bilan tahdid qilingani haqida bildirilgan.
S.Rahimov, O‘zA