Fransiya Bosh vaziri: Yoshlar noroziligiga befarq emasmiz
Fransiyada maktab o‘quvchilarining namoyishi davom etayotgan bir payt Bosh vazir Sebastyan Lekornyu yoshlar talabi asossiz emasligini tan oldi. U hukumat o‘quvchilar muammolariga befarq emasligi, politsiyaga esa namoyishchilar bilan to‘qnashish bo‘yicha ko‘rsatma berilmaganini bildirdi.
O‘quvchilar maktablarga ko‘proq mablag‘ ajratish, o‘qituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish, ta’lim muassasalarini ta’mirlash va oliy ta’limga qabul jarayonida qo‘llanadigan “Parcoursup” – universitetga kirish uchun ariza topshiriladigan elektron platformani isloh qilish talablarini ilgari surmoqda. Hukumat yoshlar bilan muloqotni boshladi, o‘qituvchilar o‘rnini vaqtincha to‘ldirish, maktablarni ta’mirlash va dars jadvalini yaxshilash bo‘yicha choralar ishga tushirildi. Lekornyu inqirozga qarshi hukumat rejasi oktabr oxirida taqdim etilishini aytdi. Shuningdek, yoshlar fikrini o‘rganish uchun ishga tushirilgan “Agora” ilovasiga 30 000 imzosiz murojaat kelib tushgani ma’lum qilindi.
Politsiyaning namoyish chog‘idagi harakatiga nisbatan tanqid kuchaygach, Ichki ishlar vaziri Loran Nyunes maktab o‘quvchilari chiqishi vaqtida talvasaga soluvchi granata – odamlarni tarqatish uchun qo‘llanadigan kuchli tovush chiqaradigan maxsus vositadan foydalanishni taqiqladi. Bunga Lans shahrida 15 yoshli bola politsiya irg‘itgan granata tufayli qo‘lidan ajralgani ham sabab bo‘ldi.
Darvoqe, Fransiyaning amaldagi hukumati iqtisodiy bosimga ham duch kelmoqda: 2027-yil byudjeti ta’lim xarajati oshirilishini ko‘zda tutsa-da, davlat moliyasini barqarorlashtirish uchun o‘nlab milliard yevro tejalishi talab etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab yana ish tashlash va namoyishlar kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA