Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimligi “Bo‘ston Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli paxta qabul qilish shoxobchasida faoliyat yurituvchi ayrim ishchilarga 2026-yil avgust oyida ish haqi to‘lanmagani haqida tarqalgan murojaat yuzasidan munosabat bildirdi.
Mazkur murojaat tuman hokimligi tomonidan nazoratga olinib, holat o‘rganildi. O‘rganish davomida “Bo‘ston Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisob-raqamlarida yetarli mablag‘ bo‘lmagani sababli ishchilarning avgust oyi uchun ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmagani aniqlandi.
Murojaat ijrosi yuzasidan mas’ullar tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, jami 40 nafar ishchiga 120 million 615 ming (bir yuz yigirma million olti yuz o‘n besh ming) so‘m miqdoridagi avgust oyining ish haqi to‘liq to‘lab berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri