Londonda mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlandi
Dunyoning turli mamlakatlarida Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir London shahrida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda xorijiy mamlakatlarning Buyuk Britaniyadagi elchilari va diplomatik vakolatxonalari xodimlari, mazkur mamlakat hukumati va parlamenti vakillari, ishbilarmon hamda akademik doiralar namoyandalari, shuningdek, yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi san’atkorlar delegatsiyasi ishtirokida boy va rang-barang madaniy dastur namoyish etildi. Unda O‘zbekiston xalq artistlari Sevara Nazarxon va Tohir Qo‘ziyev, xonanda Bahrom Nazarov, “Doppi Twins” guruhi hamda milliy raqs ansambli o‘zining betakror chiqishlarini taqdim etdi.

Musiqiy chiqishlar va milliy raqslar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, mehmonlarga o‘zbek san’atining boy tarixi va zamonaviy qiyofasini yana bir bor namoyon etdi. Ayniqsa, milliy kuy-qo‘shiqlar yangragan damlarda zalda O‘zbekistonga xos samimiyat va iliq muhit ustuvor bo‘ldi. San’atkorlarning jonli ijrosi xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va san’at an’analariga yuksak baho berdi. Milliy raqs ansamblining chiqishlari esa o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan nafosati, shijoati va estetik didini namoyon etdi. Kecha davomida zamonaviy O‘zbekistonning madaniy salohiyati va dunyoga ochiqligi namoyon bo‘ldi.

Tadbir nafaqat mustaqillik bayrami, balki O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi. Mehmonlar O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangi imkoniyatlar haqida ham fikr almashdi.
Tantanali kecha davomida O‘zbekistonning milliy timsollari, urf-odatlari va qadriyatlarini xalqaro jamoatchilikka kengroq tanitishga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistondan maxsus taklif etilgan oshpazlar jamoasi tomonidan tayyorlangan milliy taomlarimiz tortiq etildi.
Londondagi ushbu tantana O‘zbekiston mustaqilligi yildan-yilga xalqaro maydonda keng nishonlanayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Kecha davomida yangragan musiqa, namoyish etilgan milliy san’at va tortiq etilgan taomlar bir maqsad — O‘zbekistonning betakror qiyofasini dunyoga tanitish g‘oyasi atrofida birlashdi.
N.Usmonova, O‘zA