Adabiyot bog‘i va tanqid mas’uliyati
Shoir Tursun Ali bilan adabiy gurung.Keyingi yillarda yurtimizda ma’naviyat, ijtimoiy soha rivojiga, badiiy adabiyotning taraqqiyotiga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada bir qator farmon va qarorlar qabul qilingani fikrimizning yaqqol dalilidir.
O‘zA muxbiri taniqli shoir Tursun Ali bilan bugungi kun adabiyoti, ijodiy jarayon va ayrim muammolar xususida gurunglashdi. Quyida suhbat mazmuni bilan tanishasiz.
— Gurungga taklif etganingizdan minnatdorman. Ijodkorlarning bir-birlari bilan suhbatlar uyushtirishi, qizg‘in bahsga kirishishlari, o‘zaro fikr almashuvi adabiyot rivojiga beqiyos hissa qo‘shishi tabiiy. Shu boisdan ijodiy jarayon, iste’dod, iste’dodsizlik, badiiyat, asar qadri va ijodkor nufuzi singari ko‘pdan-ko‘p muammolar xususida ham biroz gurunglashsak degandim. Avvalo shuni ta’kidlashni istar edimki, ijod ahliga hukumat darajasida e’tibor berilayotganidan, adabiyot qadrlanadigan yurtda yashayotganimizdan nihoyatda xursand bo‘lishimiz kerak. To‘g‘ri, hech kim boy bo‘lish, moddiy ahvolini yaxshilash uchun asar yozmaydi. Ammo ijodkor ham inson. U ham tuzukroq yashagisi, mehnati qadrlanishini istaydi. Gazeta-jurnallarda bosilayotgan adabiy asarlar uchun gohida arzimas choychaqa-gonorar berilmasligi alam qilmaydimi? Masalan, men bir oy qattiq mehnat qilib yozgan adabiy-tanqidiy maqolamga bir tiyin ham pul olmayman. Siz-chi, nashriyotlarda qalam haqi berilmayotganidan xafa emasmisiz? Shu bilan birga ayrim nashriyot, sanoqli gazeta hamda jurnallardagina e’lon qilingan adabiy, publitsistik maqolalar va nasriy asarlar uchun gonorar berilayotganligidan xursandmisiz?
– Ijodkorlarga hukumat darajasida e’tibor qaratilganidan boshimiz osmonga yetdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman.
Kitob mutolaasiga e’tibor kuchaysa, birinchidan, xalqimizning savodi oshadi, ma’naviyati boyiydi, fikr-mulohazalari teranlashadi. Ikkinchidan, kitob adadi tabiiy ravishda ortadi. Qanchalik adadi oshsa, narxi arzonlashadi. Kitobning adadi ko‘paygan sari nashriyot va bosmaxonalarning iqtisodi yuksaladi, o‘z-o‘zidan muallifning qalam haqi oshadi, albatta. Ha, bekorga joylarda kutubxonalarni qayta tiklashga, yangi kitob do‘konlari ochilishiga da’vat etilmayapti. Mutolaaning jonlanishi uchun mamlakatimizning barcha maktab, texnikum va oliy o‘quv yurtlarida o‘quvchi, talabalarga kitobga qiziqish uyg‘otilsa, ustoz va adabiyot o‘qituvchilari tomonidan ularning qanday badiiy asarlar o‘qiyotganlari har doim so‘rab turilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kitobxonlik borasidagi sa’y-harakatlar jonlandi. Hatto eng ko‘p kitob o‘qigan yoshlarga avtomashina sovg‘a qilindi. Biroq shunda ham, hali... Men katta-kichik yozuvchi va shoirlar orasida tez-tez bo‘lib turaman. Hatto ijodkorlar safida ham kitob mutolaasiga yetarli e’tibor bermaydiganlar bor. Ba’zilari ilgarigidek bir-birining asarlarini o‘qishmaydi. Zotan, mutolaa ijodkorning badiiy didini yuksaltiradi, yangi-yangi izlanishlarga chorlaydi.
Bugungi yozuvchi va shoirlar ertangi kun uchun yo‘l ochuvchidir. Biz ularning asarlarini o‘qiylik, tinglaylik. Qanday adabiyot ichida yashayotganimizni anglaylik. Kerak bo‘lsa, ijodkor bilan bahslashaylik...
Ayrim misollar keltirmoqchiman. O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan”, Qo‘chqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha”, Luqmon Bo‘rixonning “Titrayotgan tog‘”, Abduqayum Yo‘ldoshning “Osmon og‘ushi” nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. Taqdimotda adabiyotshunos olimlar, noshirlar, kitobxonlar so‘zga chiqib, mualliflarni maqtash bilan cheklanib, chop etilgan asarlar tahlili haqida dadil fikr-mulohaza bildirmadilar. Nahotki adabiyotshunoslar yangi kitobni o‘qimagan bo‘lsa? Darvoqe, Asqad Muxtor aytganidek, yozuvchi sayoz joyda cho‘kadi.
Jovli aka, yana bir savolingizga Kventin Krispning qarashlaridan foydalansam: “Yozuvchi bo‘lish uchun uchta sabab bor. Birinchisi – sizga pul kerak, ikkinchisi – dunyoga nimadir muhim gap aytmoqchisiz, uchinchisi – uzun qish kechalarida nima qilishni bilmayapsiz.” Ana endi haqiqiy ijodkor bo‘lsangiz, uzun kechalar mijja qoqmay ijod qilasiz. Qalbingiz alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, nimalarnidir qoralaysiz. So‘ngra qo‘lyozmani nashriyotga topshirasiz. Kitobingiz chiqsa suyinasiz, qalam haqi olsangiz dilingiz tongdek yorishadi.
To‘g‘risini ayta qolay, men ham qalam haqi hamda ko‘nglimni bo‘shatish uchun yozaman. Shundanmi, qo‘lyozmalarimni faqat davlat nashriyotlariga topshiraman. Xudoga shukur, bugungi kunda ham ozmi-ko‘pmi shartnoma asosida qalam haqi olib turibman. Biroq uni juda ham oz, deb sira nolimayman.
— Yana bir muammo meni qiziqtiradi. Absurd, modern, postmodern kabi yo‘nalishlar ijod bog‘ini sara gullar bilan bezashga xizmat qilayotir. Shunday ekan, yangilanayotgan adabiyot haqida nima deysiz?
– Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, har sohada yangilanish, rivojlanish bo‘layotganidek, adabiyotimizda ham siz aytgandek ijod bog‘ini absurd, modern, postmodern yo‘nalishidagi sara asarlar gullardek bezab turibdi. Axir, adabiyot bog‘ining gullari rang-barang bo‘lsagina ko‘zlar yayraydi, ruh yuksalib, tafakkur kengliklari tobora bepoyonlashadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, modern har bir millatning o‘ziga xosliklarini aks ettiradi. Zotan, qadim adabiyotimizning tuprog‘imiz qa’riga singigan ildizlari bor. Shundoq ekan, yaratayotgan asarlarimizning ildizlari bo‘lsagina yashnaydi, tobora gurkiraydi, mevalari totli bo‘ladi. Buyuk Navoiy asarlaridan suv simirib, yangilangan adabiyot xalqimizga ham, dunyo xalqlariga ham o‘z tarovatini baxsh etadi.
— Mening nazarimda, bugungi o‘zbek adabiyoti rivojini jahon adabiyoti ta’siri yoxud qardosh xalqlar adabiy aloqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya davlatlari bilan ijtimoiy-madaniy, san’at va adabiyot sohasidagi aloqa rishtalari tobora mustahkam bo‘lib borayotganligi quvonarli hol. Ilgari G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Odil Yoqubov singari o‘nlab adiblarning rus, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman shoir va adiblari bilan qadrdon do‘st bo‘lganlari sir emas. Bugungi kunda bu borada qanday xayrli ishlar amalga oshirilmoqda?
– Juda o‘rinli savol. Ancha yillardan beri qo‘shni mamlakatlar bilan qo‘shnichiligimiz eshiklari qiya bo‘lib qolgan edi. Prezidentimiz ko‘p soha vakillari qatori, adabiyot va san’atimizning bir qator namoyandalari bilan Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi qo‘shni mamlakatlarga borib, bugungi kunda darvozalarni barchaga, jumladan, ijodkorlarga ham ochib yubordi.
Yurtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya tufayli ko‘plab xorijiy mamlakatlar hamda hamdo‘stlik davlatlaridan tashrif buyurgan tarjimon, ijodkor, noshir va olimlar ishtirokida o‘tgan tadbirlar adabiy aloqalarimizning yaqqol dalilidir. Qolaversa, mamlakatimizda va chet ellarda tashkil etilgan yig‘inlarda bir guruh ijodkorlarning ishtiroki adabiy aloqalarga bo‘lgan yuksak e’tibor natijasi hisoblanadi.
— Yana bir muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Sizga yaxshi ayonki, adabiyot rivojini adabiy tanqidsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ammo bugungi kundagi ahvol sizni qanoatlantiradimi? Bir necha yil avval adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqorning mulohazalarini “Sharq yulduzi”da o‘qigan edim: “Bugungi adabiy tanqidning nigohida yolqin, hamlasida shiddat, harakatida jo‘shqinlik ko‘p ham sezilmaydi. Adabiyot tanasidagi yaralarni uzib tashlaydigan tishlar liqillab, kasal ildizlarni sug‘urib oladigan tirnoqlar ko‘chib qolgan. Bugun xuddi har bir qo‘shiqchining yonida o‘zining prodyuseri, dalloli bo‘lgani singari ko‘pchilik yozuvchi-shoirlarning ham hamtovoq talqinchilari, “adabiyotshunos”lari bo‘lishi kutiladigan holga aylangan. Xolis, samimiy, kuyinchak tahlilu talqin o‘rnini “shishadoshni qo‘llab yuborish”, “keyingi yil unvonga ilintirib qolish” istagi, “bir yerdan ekanligini unutmaslik mas’uliyati”, “narigi guruhdagilar hujumiga qoldirmaslik”dek sergaklik sifatlari egallamoqda”. Bu kabi ta’nalarga, keskin fikrlarga samimiy, haqiqatgo‘y shoir sifatida qanday munosabat bildirgan bo‘lur edingiz? Nahotki ahvol tashvishli?
– Jovli aka, adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqorning fikrlariga yuz foiz qo‘shilaman. Chindan ham bugun adabiyotimizda tanqidchi boru, tanqid yo‘qdek. Shundan “yumaloq-yostiq” zaif asarlar adabiyotimiz bog‘larida yovvoyi o‘tlardek ko‘payib borayotir. Bu o‘tlardan tozalash muhtaram adabiyotshunos, qadrli tanqidchilarning zimmasidagi yuk.
Adabiyotimiz misoli ulkan bog‘ bo‘lsa, unda shoir, yozuvchi, olimu adabiyotshunoslar, xullas, barcha adabiyot ahli bir davra atrofida jamuljam. Bir-biri bilan bahslasha olish imkoniyatiga ega. Uzoqqa bormay, XIX asr rus adabiyotiga nazar tashlasak, Nekrasov, Belinskiylar adabiyot ustida ro‘yi-rost bahs-munozaralar yuritib, zaif asarlar borasida keskin fikrlar bildirishgan. Bo‘sh asarlarni targ‘ib qilish, qo‘llab-quvvatlash adabiy tanqidning sho‘ri. Haqiqiy adabiyotshunos manfaat deya yolg‘on-yoshiqni o‘ziga ep ko‘rmaydi.
Bir misol keltirmoqchiman. Bir necha yillar avval yurtimizdagi yagona adabiyot gazetasida akademik Naim Karimovning kitobim haqidagi “Lahzalar suvrati” maqolasi chop etilgan edi. Rosti, materialdan boshim osmonga yetdi. Axir Cho‘lpon, Oybek va boshqa ulug‘ ustozlar haqida tadqiqotlar, maqolalar yozgan akademik mening kichkina ijodimga e’tibor qaratgani... Men gazetani olib, Naim Karimovning ishxonasiga bordim. Xonada bir bo‘lak tovuq go‘shtiyu non, choy bilan tushlik qilayotgan ekan. Men quruq borganimdan xijolat chekdim. Nihoyatda kamtar inson edilar.
– Yangi she’riyat bo‘yicha ham fikr aytish vazifamiz, – dedi akademik.
Naim Karimov olamdan o‘tib ketdi. Ammo bugungi kunda ham fidoyi adabiyotshunoslar oz emas. Olimjon Davlatov, Yo‘ldosh Solijonov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Shuhrat Sirojiddinov, Nizomiddin Mahmudov, Suvon Meli, Hamidulla Boltaboyev, Bahodir Karim, Nurboy Jabborov, Islom Yoqubov, Abdulla Ulug‘ov kabi adabiyotshunos olimlarimiz borligi kishini quvontiradi. Ular yanada faolroq bo‘lishlarini istar edim.
— Endi tarjima xususida ham gurunglashsak. To‘g‘ri, tarjima – san’at. Uni amalga oshirish uchun faqat o‘zga tilni bilishning o‘zi kifoya qilmaydi. Avvalo, biror she’rni o‘zbek tiliga o‘girayotgan shoirning o‘zida ham iste’dod bo‘lishi zarur. Gapning ochig‘i, ayrim tarjima namunalarini o‘qib: “Bunday she’rlarni men ham bemalol yozishim mumkin-ku”, degan xayollar girdobida qolib ketasan, kishi. Tarjimalarning aksariyati shoshma-shosharlik bilan, tarjimonlik talablarini pisand qilmasdan amalga oshirilayotganligi xususidagi e’tirozlarga qanday qaraysiz?
– Gaplaringiz rost. Tarjimaga kirishgan kishi avvalambor matnni obdon tushunib, asar mazmunini ko‘ngliga jo etgach, muallif ruhiga kira olsagina tarjimaga kirishishi kerak. She’r tarjimasi yanada og‘ir, har ijodkorning o‘z musiqasi, ohangi, nafasi bor. Shularni topsa, she’riy san’atni qoyillatsa, chinakam tarjimaga erishadi. Shunda ham matn kabi to‘la-to‘kis chiqmaydi. Hattoki biz Pushkinning Mirtemir, Ramz Bobojon, Asqad Muxtor kabi yetuk shoirlarimiz tomonidan o‘girilgan she’rlarini sevib o‘qisak-da, Pushkin asarlarini asliyatda o‘qiganimizdagi lazzatni tuymaymiz. Mening nazdimda, hech bir tarjimon aslidagidek tarjima qilolmaydi. Xullas, har bir ijodkorning asl ovozi tarjima qilinmay qolaveradi. Shuning uchun yaxshi asarni o‘z holida o‘qiganimiz o‘rinli. Biroq adabiyotimizning rang-barang bo‘lishi uchun tarjima asarlar suvdek zarur.
— Fikrlaringizga men ham qo‘shilaman. Tarjimadek mashaqqatli yumushga qo‘l urishga hamma ham botinavermaydi. Siz Osip Mandelshtam, Ivan Bunin kabi buyuk ijodkorlar asarlarini tarjima qilgansiz. Ayting-chi, ularning she’rlaridagi yuksak pafos, beqiyos badiiylik va originallik originaldagi kabi saqlanib qolgan, deya olasizmi?
– Savolingizga javob tariqasida tarjimonlik faoliyatimga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Men baholi qudrat ko‘nglimga o‘tirgan shoirlar she’rlaridan olgan zavqdan uzoq ta’sirlanib yuraman. Qachonki she’riy kayfiyatim yetilsa, tarjimaga kirishaman. Ivan Buninni “Jahon adabiyoti” jurnalidan tarjima qilishimni so‘rashganida, uning she’rlari bilan tanishib, so‘zlar juda qadimiy, og‘ir ekanligiga guvoh bo‘lganman. Shunday bo‘lsa-da, shoirning dastlabki she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girishga intildim.
O‘zim nasriy asarlar yozayotgan bo‘lsam-da, she’riyatga ham qiziqaman. Ulug‘bek Hamdamning “Inson” deb nomlangan dostonini “Tafakkur” jurnalida o‘qib, hayratim oshgandi: bir vaqtlar Erkin Vohidov “Ruhlar isyoni”, Muhammad Ali “Mashrab”, Omon Matjon “Gaplashadigan vaqtlar” kabi dostonlar yaratib, bu janr umrining uzayishiga ulush qo‘shgan edilar. Ulug‘bek Hamdam “dostonlar davr sinoviga dosh berolmadi, kitobxon bu janrga deyarli ehtiyoj sezmay qo‘ydi”, degan gaplar yolg‘on ekanini isbotladi.
“Ko‘l”, “Taqdir kengliklari” dostonlaringizni o‘qib, ehtimol hali vahima qilishga ertadir, degan hadik ko‘nglim ko‘chasini oralab o‘tdi. Sizning fikringiz qanday, gohida bunday noxush o‘ylar girdobida qolishimizga sabab nomi dostonu aslida ehtirossiz so‘zlar uyumidan iborat saviyasi haminqadar dostonlar yoki she’riy romanlar urchib ketayotganligidan emasmikin?
– Shuni alohida qayd etishni istar edimki, adabiyotda dostonning ham o‘z o‘rni bor. Navoiy dostonlaridan tortib, to bugungacha yozilganlarini eslasak, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Hatto xalq baxshilarining dostonlari ham son-sanoqsiz. To‘g‘ri, davr yangilanayotganidek, dostonlar ham yangi bichim, yangi libos kiyayotir. Kimlargadir bu erish tuyilishi mumkin. Lekin yangi ruh, yangi ovoz qalbga singishi qiyin. Biroq dostonchilik ko‘hna daraxtday tobora kurtak yozib boraveradi.
Men esa Ulug‘bek Hamdamning “Inson” deb nomlangan dostonini o‘qib, biroz ochiqroq, badiiy libosi yupunroq, degan fikr ko‘nglimdan kechdi. Biroq o‘quvchi diqqatini tortadigan jozib nimadir bor. Gapning ochig‘ini aytganda, Mahmud Toirning “Ona”, Sirojiddin Raufning “Vido” dostonlarini o‘qib ko‘nglim osmoni yorishdi. Oydinnisoning “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan “Avf” she’riy asaridagi badiiyat, fikr kengligi meni quvontirdi. O‘zimning “Yurayotgan yo‘llar” dostonimdan ham ko‘nglim to‘ldi.
— Ulug‘ shoirlardan birining gapi yodimda qolgan: “Shoirlar davrasi tobora torayib bormoqda, shu ketishda she’r eshituvchilar kamaygandan-kamayib, she’rlarimizni bir-birimizning quloqlarimizga o‘qiydigan kunga yetsak, sira ajab emas”. Ma’lum bo‘ladiki, yuz yillar ilgari ham kitobxon, mutolaa muammosi buyuk ijodkorlarning yuragini zirqiratgan. Lekin, o‘ylashimcha, umidsizlikka berilish va xavotir sharpalari bugungi kundayam kezib yurgan bo‘lsa-da, keyingi yillarda bu borada dadil qadamlar tashlandi. Viloyat va tuman markazlarida yangi kitob do‘konlari ishga tushganligi, bugungi yoshlar nasriy hamda she’riy asarlar mutolaasiga mushtoqligi ko‘ngilga taskin beradi. Yaqinda viloyatlarda bo‘lganimda Ahmad Suvonqulov, Oybek Ashurov, Shuhrat Qalandarov, Sherxon Allamurodov, Shavkat Mamirqulov, Saydulla Nazirov, Ilhom Yusupov, Olim Esonov, Bahodir Hotamov, Komil Abduvohidov, Abdusamat Norqobilov, Behzod Toshpo‘latov, Muhiddin Tog‘ayev, Allamurod Mamayusupov, Baxtiyor Xursandov singari kitobni, ma’naviyatni qadrlaydigan kishilar xususida iliq, ijobiy fikrlar eshitdim. Ular o‘z sohasini, ma’rifatni yuksaltirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Siz viloyatlarda tez-tez bo‘lib turasiz. Kitob mutolaasi, kitob savdosi, kutubxonalar faoliyati qanoatlanarli, deb bo‘ladimi?
– Hayotiy tajribadan shuni yaxshi bilamanki, chinakam shoir she’rni o‘zgalar uchun emas, o‘zi uchun, ya’ni ko‘nglini bo‘shatish uchun yozadi. Haqiqiy she’r sodir bo‘ladi. Kimdir sevib o‘rtanganidan yozsa, kimdir nimadandir faryod chekkanidan yozadi. Yana kimdir quvonchini, baxtini tarannum etadi. Xullas, she’r mangulikka daxldor bepoyon olam. Uning adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Taniqli farang shoiri Bodlerni o‘z davrida tan olishmagan. O‘limidan so‘ng ancha vaqt o‘tib ijodi nafaqat Fransiya, balki butun dunyo adabiyot ahlini lol qoldirgan.
Gapning ochig‘ini aytganda, mutolaa keyingi yillarda yurtimizda va umuman xalqimiz orasida ancha susaygan edi. Bugungi kunda mutolaa bog‘chadan boshlanganligi, maktab va oliy o‘quv yurtlarida kitob mutolaasiga jiddiy e’tibor berilayotgani maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, kitobxonlarni yetarlicha moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish davlat e’tiborida ekanligi quvonarli holdir. Mamlakatimizning qaysi viloyati, tumanida bo‘lmang, kitob do‘konlari va zamonaviy kutubxonalar bunyod etilayotir. Kitobxonlik kuchaysa, kitob adadlari ham, qalam haqi ham o‘z-o‘zidan hal bo‘lishi tayin. Biroq bu boradagi ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p.
— Ijodingizni ko‘p yillardan beri kuzatib kelayapman. “Saylanma”ngizni, “Gullayotgan yurak”, “Qor shu’lasi”, “Qush pati”, “Sokin hayqiriq”, “Lahzalar suvrati” kabi kitoblaringizni o‘qidim. She’rlaringizda ramziylik, simvol, tashbehlar ustuvor. Ayrim adabiyotshunoslar she’rni, xususan, sizning asarlaringizni turlicha talqin qilishadi.
– Adabiy tanqidsiz adabiyot o‘limga mahkum. Adabiyotni kamolot sari adabiyotshunos olimlar yetaklaydi. Shu ma’noda, odil, haqqoniy tanqid ijodkor qalamini charxlaydi. Ba’zilari menga “she’rni sir-sinoatga ko‘mib tashlamang-da” degan gaplarni aytishgan. Holbuki, she’riyat – sirli olam. She’rni adabiyotshunos o‘ziga xos tarzda tahlil qiladi, she’rxon o‘ziga ma’qul tarzda qabul qiladi. Bundan ajablanadigan joyi yo‘q. Zero, she’r – kayfiyat mahsuli. Shundoq ekan, gohida inson ruhiyati turlicha holatda bo‘lishi tabiiy.
— O‘zbekning o‘ziga xos mentaliteti bor. Shu boisdan bo‘lsa kerak, hamma ham kөnglidagi gapni ochiq-oshkor aytavermaydi. Bulturmidi, bir taniqli adabiyotshunosga: “Kitobingiz bo‘sh she’rlardan iborat ekan, bu asarlar sizning ijodkor sifatidagi nufuzingizga putur yetkazadi”, deya yuz-xotir qilmasdan gapirgan edingiz. Ne afsuski, bugungi shoirlarning ba’zilari hamkasblarining she’rlarini deyarli o‘qimaydi. Buning ustiga jo‘yali fikr bildirishni ep bilishmaydi. Siz esa... “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida quyidagicha iqroru mulohazalaringizni o‘qigan edim: “«Yoshlik bayozi» haqida atoqli adabiyotshunos Ozod Sharofiddinovning «Guliston» jurnalida maqolasi bosildi. Unda mening bir she’rim haqida ustoz: «Qofiyasi yaxshi, vazni joyida, biroq she’rda yangilik yo‘q», deb yozgan edi. Birinchi va ikkinchi kitobchalarim ham munaqqidlar tomonidan tanqid qilindi. Shundan keyin uzoq vaqt she’r mashq qilmay qo‘ydim. Biroq izlanishni to‘xtatganim yo‘q, ustozlarning etagidan tutib, she’riyatning sir-asrorlarini o‘rganishga intildim. Ayniqsa, ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari jahon adabiyoti tajribalariga e’tiborimni tortgani men uchun foydali bo‘ldi”. Bunday e’tirofni mard insongina izhor qila oladi. Demak, yaxshi shoir bo‘lish uchun iste’doddan tashqari yuksak insoniy fazilatlar juda zarur ekan-da.
– Otam sodda, ko‘ngilchan inson edi. Birovlarning ishi tushib otamga murojaat qilganda “yo‘q” deb aytolmagani tufayli, kimningdir ishini bajarolgan, kimnikinidir bajarolmay “yolg‘onchi” laqabini olgan. Men otamning bu soddaligu ko‘ngilchanligini qabul qilolmay ulg‘aydim. Shu sababli yolg‘onchi bo‘lmaslikka, ro‘y-rost gaplashishga o‘rganganman. Nohaqlikka chidolmayman.
Ayniqsa, adabiyot, she’riyat borasida yolg‘on gapirmaslik va yolg‘on yozmaslik kerak. Kattami-kichikmi, ijodkor do‘st-birodarlarimning ijodini kuzatib, ko‘nglimdagi gapni yuz-xotir demasdan gapiraveraman. Ba’zi do‘stlarim xafa bo‘lishadi, ayrimlari tan olishadi. Biroq nima bo‘lishidan qat’iy nazar, adabiyotda yolg‘on gapirmasligimiz kerak.
Suhbatni O‘zA muxbiri Jovli Xushboqov yozib oldi.