Ikki xalqni bog‘lagan qalam
Ustoz jurnalist, atoqli adib va publitsist Ahmadjon Meliboyev Qirg‘izistonning «Dostuk» ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbek va qirg‘iz xalqlarini asrlar davomida mushtarak tarix, yaqin madaniy munosabatlar va do‘stlik rishtalari bog‘lab keladi. Bu munosabatlarni mustahkamlashda adabiyot va san’at ahlining, xususan, qalam ahlining xizmati alohida ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda ana shu ezgu aloqalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan taniqli o‘zbek jurnalisti, yozuvchi va publitsist Ahmadjon Meliboyevning mehnati yuksak darajada e’tirof etildi.
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahridagi «Ыntыmak Ordo» davlat majmuasida davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi.
Marosimda Ahmadjon Meliboyevga Qirg‘iz Respublikasining «Dostuk» ordeni topshirildi. Ushbu mukofot uning ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirofi sifatida berildi.

Ahmadjon Meliboyev 1946-yil 23-mart kuni tavallud topgan. Uning hayot va ijod yo‘li o‘zbek va qirg‘iz xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyoti bilan chambarchas bog‘liq.
Ustoz jurnalist ko‘p yillar davomida jurnalist va publitsist sifatida samarali faoliyat yuritib, jamiyat hayotining muhim masalalarini qalamga oldi. Uning maqolalarida inson, ma’naviyat, adabiyot va jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq dolzarb mavzular keng, tahliliy asosda yoritiladi.
Ahmadjon Meliboyev «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri sifatida ham salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jurnal sahifalarida jahon adabiyotining sara namunalari bilan bir qatorda qardosh qirg‘iz adabiyoti vakillarining asarlari ham o‘zbek kitobxonlariga taqdim etilmoqda.
Uning ijodiy faoliyatida buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov merosini o‘rganish va targ‘ib qilish ham muhim o‘rin tutadi. Ahmadjon Meliboyev Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro ilmiy akademiya a’zosi sifatida adibning boy ijodiy merosini O‘zbekistonda o‘rganish va ommalashtirish ishlarida ishtirok etib kelmoqda.
Ahmadjon Meliboyevning asarlari, maqolalari va chiqishlarida ikki qardosh xalqning adabiyoti, madaniyati va ma’naviy yaqinligi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Uning bu boradagi ko‘p yillik faoliyati o‘zbek va qirg‘iz ijodkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Ustoz jurnalistning «Dostuk» ordeni bilan taqdirlanishi Ahmadjon Meliboyevning ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga berilgan munosib baho bo‘ldi.
Ushbu yuksak mukofot ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan ijodkorlarga bildirilgan ehtiromning ham ifodasidir.
N.Usmonova, O‘zA