Lavanda iforiga burkangan Pop — festival mehmonlari uchun noyob manzil
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida davom etayotgan 65-xalqaro Gullar festivali doirasida Pop tumanidagi lavandazorlarga press-tur tashkil etildi. Unda viloyatdagi markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov so‘zga chiqib, bu yilgi festival mazmunan yanada boyigani, yangi turizm lokatsiyalari shakllanayotgani va “Lavanda sayli” an’anaviy tadbirga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Press-tur ishtirokchilari dorivor va xushbo‘y o‘simliklar yetishtirilayotgan keng maydonlar bilan tanishib, lavanda parvarishi, uni qayta ishlash jarayonlari hamda iqtisodiy samaradorligi haqida batafsil ma’lumot oldi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, lavanda bir marta ekilganidan so‘ng uzoq yillar davomida hosil beradigan, yuqori qiymatga ega eksportbop ekin hisoblanadi.
Ayni paytda “MEHRIGIYO” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 40 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha doirasida 500 gektar maydonda dorivor o‘simliklar yetishtirish va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-30309]
Bepoyon tog‘ yonbag‘irlarida barpo etilgan lavandazorlar festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Binafsha rangga burkangan dalalar nafaqat tabiiy go‘zalligi, balki fotosuratlar uchun o‘ziga xos manzil sifatida ham ko‘pchilik e’tiborini tortdi.
Tadbir doirasida konsert dasturi ham namoyish etildi. Lavanda iforiga burkangan Pop zaminida tashkil etilgan bunday sayllar Namanganning turizm salohiyatini keng namoyon etish, agroturizmni rivojlantirish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA