Jazoir delegatsiyasi OKMK salohiyati bilan tanishdi
Jahon rangli metallurgiya sanoatida o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan strategik sheriklik o‘rnatish va yirik investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirayotgan xorijiy davlatlar soni ortib bormoqda. Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tog‘-kon sanoati vaziri Murod Hanifi boshchiligidagi delegatsiyaning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi ham ana shu xalqaro qiziqishning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Dastlab mehmonlar OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov hamrohligida “Metallurg” madaniyat saroyida joylashgan “Suyurlitepa yodgorligi” arxeologik ko‘rgazmasi hamda kombinat tarixi muzeyida saqlanayotgan eksponatlar bilan tanishdi. Shuningdek, maskandagi badiiy-havaskorlik jamoalari faoliyatiga ham qiziqish bildirildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida bo‘lib, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va konchilik sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or yechimlar haqida batafsil ma’lumot oldi.
– Dunyoda mis ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalardan biri bo‘lgan OKMKga bugungi tashrifimizdan juda xursandmiz, – dedi Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tog‘-kon sanoati vaziri Murod Hanifi. – Umid qilamizki, kelgusida kombinat bilan, ayniqsa, tog‘-kon sanoati sohasida uzoq muddatli va samarali kelishuvlarga erishamiz. O‘zbekistonga tashrifimiz ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman.

Delegatsiyaning navbatdagi manzili 3-Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Korxonaning yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy boshqaruv tizimlari va raqamli yechimlari xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, delegatsiya vakillari kombinat muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishib, malakali mutaxassislar tayyorlash va kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot oldi.

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jamila Ashur ham tashrif yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
– Sizlarning go‘zal shahringizda bo‘lib turganimizdan nihoyatda mamnunmiz. OKMKning ishlab chiqarish ko‘lami, erishayotgan yutuqlari va rivojlanish sur’atlari, albatta, tahsinga loyiq. Bu Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tog‘-kon sanoati sohasi vakillarining O‘zbekistonga ilk tashrifi amalga oshirildi. O‘ylaymanki, mamlakatlarimiz, xususan, kombinat bilan hamkorlik aloqalari izchil davom etadi, – dedi elchi.
Mazkur tashrif OKMKning ishlab chiqarish va texnologik salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etish, shuningdek, O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida tog‘-kon sanoati sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir. Tomonlarning qiziqishi kelgusida qo‘shma tashabbuslar, investitsiyaviy loyihalar va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga zamin yaratishi mumkin.
A. Musayev, O‘zA muxbiri