Kutubxona — til va ma’naviyat beshigi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida ona tilimizning nufuzini yuksaltirish, uning boy tarixi va imkoniyatlarini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Markazda muntazam tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitob ko‘rgazmalari, adabiy uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni mustahkamlash, milliy adabiy merosimizni keng targ‘ib etish hamda yoshlarni mutolaaga jalb qilishga xizmat qilmoqda.
Xususan, adabiy-musiqiy kechalar, ma’rifiy muloqotlar, turli viktorinalar va “Milliy diktant” aksiyalari orqali ishtirokchilarning o‘zbek tili imlosi, adabiy til me’yorlari va nutq madaniyatiga oid bilimlarini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Ona tilim — faxrim, Vatanim — g‘ururim” mavzusida insholar tanlovi, kitobxonlikni ommalashtirish va ma’naviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda.
Kutubxona xizmatlarini aholining keng qatlamlariga yetkazish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Ko‘chma kutubxona” loyihasi doirasida ta’lim muassasalari va chekka hududlarda ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazilib, kitoblar hamda davriy nashrlar targ‘ib qilinmoqda. Bu esa kutubxona xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarda mutolaa madaniyatini rivojlantirish, yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi raqamlashtirish jarayonida markazda zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlarini kengaytirish, o‘zbek tilidagi adabiyotlarni elektron shaklga o‘tkazish va ulardan masofadan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda. Elektron resurslar va o‘quv zallari orqali foydalanuvchilar badiiy, ilmiy va ma’rifiy adabiyotlar, turli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatiga ega.
Shu bilan birga, axborot-bibliografik xizmatlarni takomillashtirish, kitob fondini boyitish, mavjud adabiyotlarning mazmun-mohiyatini kitobxonlarga yetkazish hamda ularning mustaqil bilim olishiga ko‘maklashish markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
[gallery-32255]
Ona tilimizga ehtiromni kuchaytirish, milliy adabiy merosimizni asrab-avaylash va kitobxonlikni ommalashtirish yo‘lidagi bu kabi sa’y-harakatlar kutubxonaning ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.
Zero, kutubxona nafaqat kitoblar saqlanadigan maskan, balki bilim, ma’rifat va tafakkurni yuksaltirishga xizmat qiladigan ma’naviyat dargohidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA