Kurash: Toshkent harbiylar o‘rtasidagi I jahon chorlovi musobaqasiga mezbonlik qilmoqda
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da kurash bo‘yicha harbiylar o‘rtasida o‘tkaziladigan I jahon chorlovi musobaqasi oldidan Xalqaro harbiy sport kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, mamlakat kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman davomida mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berish asnosida nufuzli musobaqaning maqsad va vazifalari, ishtirokchilar tarkibi, bellashuvlar tartibi hamda musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Ta’kidlanganidek, I jahon chorlovi musobaqasida 15 dan ortiq davlatdan 120 nafarga yaqin harbiy sportchi ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan. Unda erkaklar va ayollar o‘rtasida 13 ta vazn toifasida bahslar tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari terma jamoasi musobaqada 21 nafar sportchi bilan to‘liq tarkibda ishtirok etishi belgilangan.
[gallery-31371]
Milliy sportimiz kurashni yanada ommalashtirish, xorijiy harbiy sportchilar bilan tajriba almashish hamda kurashning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan mazkur I Jahon chorlovi musobaqasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Xalqaro harbiy sport kengashining 2026-yilgi taqvim rejasiga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Aytish lozimki, I Jahon chorlovi musobaqasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari terma jamoasi tarkibida musobaqada faxrli o‘rinlarni egallagan sportchilar pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
Turnirda 1-o‘rinni egallagan harbiy sportchi lavozim maoshining 15 barobari miqdorida, 2-o‘rin sohibi 10 barobari miqdorida, 3-o‘rindan joy olganlar 8 barobari miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega chiqadi.
Savol-javoblarga boy tarzda kechgan matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchi davlat vakillari uchun seminar-trening, shuningdek, bellashuvlarni boshqarib boradigan hakamlar guruhi va texnik qo‘mita tomonidan qur’a tashlash marosimlari tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, nufuzli musobaqaning asosiy bellashuvlari 12-13-sentabr kunlari “Olimpiya shaharchasi”dagi yakkakurashlar majmuasida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(foto), O‘zA