Gandbol: “Besh tashabbus olimpiadasi”ning bu yilgi sovrindorlari aniqlandi
Mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va iqtidorli yoshlarni kashf etishga xizmat qilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning erkaklar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan gandbol musobaqalari shiddatli bahslari bilan alohida ajratib turdi.
Hududlarda beshta bosqichda tashkil etilgan bahslarda saralangan 14 ta jamoa respublika final bosqichida o‘zaro kuch sinashdi.
E’tiborli jihati, nafaqat g‘alaba uchun, balki o‘z mahorati, jamoaviyligi va sportdagi salohiyatini namoyon etish uchun kurash olib borgan 14 ta jamoaning har biri finalda kurash olib borishga haqli edi.
Ammo sport maydonida mahorat bilan birga omad ham natijalarning qay tarzda yakunlanishiga ta’sir ko‘rsatadi, deganlaridek hal qiluvchi final uchrashuvida Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati jamoalari to‘qnash keldi.

Yuqori shiddatda kechgan final o‘yinida toshkentlik gandbolchi yigitlar raqiblarini 18:12 hisobida mag‘lub etib, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi”ni qo‘lga kiritdi.
Yosh sportchilar uchun katta sportga qadam qo‘yish, yangi tajriba orttirish va o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun muhim maydon vazifasini bajargan mazkur musobaqada kumush medallar farg‘onaliklarga nasib etgan bo‘lsa, bronza medallari Samarqand viloyati jamoasiga tegishli bo‘ldi.
Hududlarda gandbol sportiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, yangi iste’dodlarni aniqlashga qaratilgan “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan iste’dodli gandbolchilar medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA