Kuchli ilmiy muhit shakllandi
Ilm-fan — har qanday davlat taraqqiyotining eng mustahkam poydevori. Bugun dunyo mamlakatlari raqobatida tabiiy boyliklar emas, balki intellektual salohiyat, ilmiy kashfiyotlar va innovatsion texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Yangi O‘zbekistonda ham ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni kashfiyotlar sari yetaklash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda Buxoro davlat texnika universiteti nafaqat ta’lim muassasasi, balki mamlakatimizda ilmiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilayotgan nufuzli ilmiy markaz sifatida alohida o‘rin egallab kelmoqda. Universitet huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyati, shakllangan ilmiy maktablar va ustoz-shogird an’analari yuksak malakali olimlarni tayyorlash, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan ilmiy yechimlarni yaratishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda universitetda texnika, fizika-matematika, energetika, kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot hamda pedagogika kabi qator ustuvor sohalar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan ilmiy kengashlar atrofida kuchli ilmiy muhit shakllangan. Bu muhitda taniqli olimlar va izlanuvchan yosh tadqiqotchilar bir maqsad yo‘lida birlashib, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ayniqsa, universitetda ustoz-shogird an’anasi zamonaviy yondashuvlar bilan boyitilgani e’tiborga molik. Katta hayotiy va ilmiy tajribaga ega professor-o‘qituvchilar o‘z bilim va mahoratini yosh tadqiqotchilarga sidqidildan o‘rgatib, ularni mustaqil fikrlaydigan, innovatsion g‘oyalar yarata oladigan, raqobatbardosh olimlar sifatida tarbiyalamoqda. Ana shu hamkorlik samarasida bugungi kunda dolzarb muammolarning ilmiy yechimlarini topishga qaratilgan tadqiqotlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda.
Energetika sohasidagi ilmiy kengashlar qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya tejovchi texnologiyalar va zamonaviy energetika tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Natijada bir qator yosh olimlar PhD ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilib, mamlakatimizda “yashil energetika” sohasi uchun ilmiy kadrlar zaxirasi kengayib bormoqda.

Universitetning eng sermahsul ilmiy platformalaridan biri sifatida mexanika sohasidagi ixtisoslashgan kengash alohida e’tirofga loyiq. Nazariy mexanika hamda deformatsiyalanuvchan qattiq jismlar mexanikasi bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy ishlar natijasida o‘tgan yillar davomida 50 ga yaqin tadqiqotchi PhD va DSc ilmiy darajalarini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, 2026-yilda mazkur yo‘nalishda fizika-matematika va texnika fanlari bo‘yicha DSc darajasini beruvchi yangi ilmiy kengashning tashkil etilgani universitetning ilmiy nufuzi tobora yuksalayotganining yaqqol ifodasidir.
To‘qimachilik va dizayn sohasida ham ilmiy maktab mustahkam shakllangan. To‘qimachilik materiallari texnologiyasi, kostyum dizayni, teri va poyabzal sanoati hamda ta’lim metodikasiga oid ilmiy tadqiqotlar natijasida o‘nlab yosh olimlar ilmiy darajaga erishdilar. Shuningdek, robototexnika va pedagogika sohalarida tashkil etilgan bir martalik ilmiy kengashlarda himoya qilingan dissertatsiyalar universitetda fanlararo tadqiqotlar muvaffaqiyatli rivojlanayotganini namoyon etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikasi sohasida tashkil etilgan yangi ilmiy kengash agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnikalar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishga xizmat qiluvchi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa kelgusida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar sohada raqobatbardosh yechimlarni yaratishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Kimyo va texnologiya sohasidagi ilmiy kengash universitetning eng yirik va nufuzli ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi. Neft-gaz kimyosi, membrana va kolloid kimyosi, kimyoviy texnologiya, biotexnologiya, oziq-ovqat sanoati, robototexnika hamda pedagogika kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni birlashtirgan mazkur kengash 21 nafar yetuk olimdan iborat tarkibda faoliyat yuritmoqda. Bu yerda PhD va DSc dissertatsiyalarining muntazam himoya qilinishi universitetda yuqori ilmiy muhit shakllanganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Iqtisodiyot sohasida ham amalga oshirilayotgan tadqiqotlar mamlakat taraqqiyotining dolzarb masalalariga qaratilgan. Mintaqaviy iqtisodiyot, menejment va ta’lim menejmenti yo‘nalishlaridagi ilmiy ishlar iqtisodiyotni samarali boshqarish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga xizmat qilmoqda.
Eng e’tiborlisi, so‘nggi yillarda Buxoro davlat texnika universiteti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashlarda 140 nafardan ortiq tadqiqotchi fan doktori va falsafa doktori ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu raqam ortida yuzlab ilmiy izlanishlar, minglab soatlik mehnat, yuksak mas’uliyat va mamlakat kelajagi uchun xizmat qiladigan yangi g‘oyalar mujassam.

Xulosa qilib aytganda, Buxoro davlat texnika universiteti bugun nafaqat yuqori malakali muhandis va mutaxassislar tayyorlaydigan ta’lim muassasasi, balki ilmiy g‘oyalar tug‘iladigan, innovatsiyalar yaratiladigan va kelajak olimlari kamol topadigan haqiqiy ilm maskaniga aylandi. Bu yerda shakllangan kuchli ilmiy maktablar, zamonaviy tadqiqotlar va ustoz-shogird an’analari mamlakatimiz ilm-fani rivojiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Shubhasiz, ilmga tayangan taraqqiyot yo‘lida Buxoro davlat texnika universitetining bugungi yutuqlari kelajakda yanada ulkan kashfiyotlar, nufuzli ilmiy maktablar va jahon miqyosida e’tirof etiladigan olimlarni voyaga yetkazish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ilmga sarmoya — kelajakka sarmoyadir. Buxoro davlat texnika universitetida yaratilayotgan har bir ilmiy yangilik esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ertangi kuniga qo‘shilayotgan munosib hissadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri