Kosonsoyda bolalarning mazmunli dam olishi ta’minlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi «Sohil» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi mavsumda bolalarning mazmunli dam olishi, sog‘lomlashtirilishi va har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Oromgoh har bir smenada 160 nafar bolani qabul qiladi. Yozgi mavsumda 4 smenada jami 640 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 300 nafari Kosonsoy tuman “Inson” ijtimoiy himoya markazi yo‘llanmalari asosida sog‘lomlashtirilmoqda.
[gallery-30484]
Oromgohda bolalarning sport bilan shug‘ullanishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu yerda tadbirlar maydonchasi, yozgi kinoteatr, bolalar o‘yingohi, mini futbol maydoni, qum voleyboli maydonchasi, suzish basseyni, basketbol va stol tennisi maydonchalari, shuningdek, qo‘shimcha sanitariya inshootlari barpo etilgan. Turli to‘garaklar ham muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatidagi 9 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi mavsum davomida 7–14 yoshli 6 520 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar 4 969 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Ayni paytda oromgohlarda uchinchi smena davom etmoqda.
Barcha oromgohlarga bolalar yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvida avtobuslarda hamda ota-onalar hamrohligida xavfsiz yetkazildi. Oromgohlarga qabul qilishdan oldin ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, guruhlarga ajratildi.
Shuningdek, oromgohlar hududida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash uchun ichki ishlar organlari xodimlari, bolalar salomatligini nazorat qilish uchun esa tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan. Mavsum davomida bolalarning qabul qilinishi va dam olish jarayoni hududiy shtab tomonidan muntazam monitoring qilib borilmoqda
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA