Korxonada istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumani Beruniy mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Adonis Trading Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qator istiqbolli investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda.
Korxona dastlab noto‘qima matolar ishlab chiqarish faoliyati bilan ish boshlagan bo‘lsa, ayni paytda sun’iy tola va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishlarini ham muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada korxonada qariyb 60 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Hozirda bu yerda oyiga 1 tonnadan ortiq rezina mahsulotlari hamda 360 ming metr noto‘qima mato ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotning ma’lum qismi tashqi bozorga eksport qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar 124 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan. Bu esa mahsulotlarga xalqaro bozorda ham talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.
[gallery-29557]
Shuningdek, korxonada yangi ishga tushirilgan zamonaviy sexda 130 tonna xomashyo tayyorlash quvvati yaratildi. Mazkur quvvat ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA