Korrupsiyaga qarshi kurashishda xodimlar mas’uliyati oshirilmoqda
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda nafaqat nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, balki har bir xodimning qonunchilik talablarini bilishi va ularga amal qilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada xodimlarning huquqiy xabardorligini oshirish, korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
“Toshkent issiqlik markazi” MCHJda korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati masalalariga bag‘ishlangan tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaldagi qonunchilik talablari, ichki nazorat mexanizmlari va xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyati haqida tushuntirishlar berildi. Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
–Korrupsiyaning oldini olishda har bir xodimning yondashuvi muhim. Qonunchilik talablariga rioya qilish, xizmat vazifalarini halol va xolis bajarish, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarga befarq bo‘lmaslik korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishning muhim omillaridandir. Shu sababli xodimlarning huquqiy bilimi va xabardorligini muntazam oshirib borishga alohida ahamiyat qaratamiz, – dedi “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Rahmonqulov.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati ham tushuntirildi.
Shuningdek, komplayens nazoratining asosiy vazifalari, uning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimidagi o‘rni, xodimlarning mas’uliyati va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha amal qilinishi lozim bo‘lgan talablar muhokama qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ochiq muloqotlar xodimlarning huquqiy bilimi va xabardorligini yuksaltirish, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash hamda korxonada qonuniylik va shaffoflik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA