Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha seminar-trening
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Barqaror rivojlanish oyligi doirasida professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun “Korrupsiya, ekstremizm va poraxo‘rlikning barcha shakllarini jiddiy ravishda qisqartirish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimining shaffofligini ta’minlash va aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifaga aylandi. Bu borada korrupsiya illatiga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish eng muhim qadamlardan biridir. Mazkur maqsad yo‘lida davlat tashkilotlari xodimlari uchun maxsus tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Shu maqsadda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimi Mironshoh Rasulov ishtirok etib, Korrupsiyaga qarshi kurashish, ekstremizmning oldini olish, poraxo‘rlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda bu boradagi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruza qildi.

Seminar davomida xizmat vazifasini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, kasb etikasiga rioya qilish va qonuniy javobgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA