Ko‘p xonadonli uylarni boshqarish sohasida Yaponiya bilan hamkorlik qilinadi
Toshkent shahar hokimligida Yaponiyaning qator nufuzli kompaniyalari vakillari bilan ko‘p xonadonli uylarni boshqarish sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ko‘p xonadonli uylarni boshqarish tizimini yanada rivojlantirish, uy-joy kommunal xizmatlari sifatini oshirish, turar joy fondidan samarali foydalanish, binolarning energiya samaradorligini kuchaytirish hamda aholi uchun yanada qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruv tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yaponiya tomoni ushbu yo‘nalishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar haqida ma’lumot berib, tajriba almashish va professional hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda muloqotni davom ettirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda hamkorlikni izchil rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar.
G.Boboyeva,
O‘zA