«Nurli bolajon» – zamonaviy ta’lim va tarbiya maskani
FOTOREPORTAJ
Bolaning har tomonlama barkamol voyaga yetishida maktabgacha ta’lim muhim o‘rin tutadi. Shu bois bugungi kunda zamonaviy ta’lim dasturlari, malakali pedagoglar va qulay shart-sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i kengayib bormoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan «Nurli bolajon» xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti ana shunday muassasalardan biri hisoblanadi. Muassasa 2024-yilda 50 nafar bolaga mo‘ljallab ish boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda tarbiyalanuvchilar soni 100 nafarga yetgan.
Tashkilotda tajribali va malakali pedagoglar tomonidan bolalarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tarbiyalanuvchilar uchun ingliz tili, kompyuter savodxonligi, mental arifmetika, savod chiqarish, o‘qish va yozish, musiqa, jismoniy tarbiya hamda sport mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Shuningdek, defektolog ishtirokida har bir bola bilan yakka tartibda korreksion mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
[gallery-30576]
Muassasada shashka-shaxmat va raqs to‘garaklari ham faoliyat yuritadi. Bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida fizioterapiya, massaj va chiniqtirish tadbirlari muntazam tashkil etiladi. To‘yimli hamda vitaminlarga boy oziq-ovqatlar bilan ta’minlash esa ularning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA