Buxoro va Qashqadaryoda korrupsion holatlar fosh etildi
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, yer resurslarining noqonuniy talon-toroj qilinishining oldini olish hamda mansabdor shaxslar tomonidan xizmat mavqeini suiiste’mol qilish holatlariga chek qo‘yish borasida tezkor-qidiruv tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlarda yer maydonlarini rasmiylashtirib berish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar fosh etildi.
Jumladan, Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirgan. U Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 kvadrat metr yer maydonida 2015-yilda o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosini hamda unga tutash bo‘lgan 35 kvadrat metr bo‘sh yer uchastkasini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Qonunbuzar ushbu «xizmati» evaziga 2,5 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shunga o‘xshash yana bir holat Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limi bosh mutaxassisi 1964-yilda tug‘ilgan fuqaroga 2019-yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori bilan ajratilgan 1 sotix yer maydonini Kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlashtirib, ro‘yxatdan o‘tkazib berishni aytgan. U ushbu harakati evaziga 1 ming AQSH dollari talab qilib, so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA