"Konya-2021": yutuqlarga undayotgan shiddat
Kutilgan va kutilmagan natijalarni tuhfa etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarining har bir kuni mamlakatimiz sportchilari uchun o‘ziga xos kashfiyotlar maydoni bo‘lmoqda.
Bundan ikki kun muqaddam 15 yoshli yengil atletikachimiz Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida oltin medalni qo‘lga kiritganligi "Konya-2021" o‘yinlarining bezagi bo‘lgan bo‘lsa, kecha, 14 avgust kungi musobaqalarda og‘ir atletika, badiiy gimnastika bahslarida hamyurtlarimiz qayd etgan natijalar katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Jumladan, 89 kilogramm vazn toifasida medallar uchun kurash olib borgan Sarvarbek Zafarjonov 3 ta oltin medal sohibiga aylanishi, 96 kg. vaznda Sunnatilla O‘sarov 2 ta bronza va 1 ta kumushli bo‘lishi, 76 kg. vaznda bahs olib borgan Nigora Suvonova dast ko‘tarish mashqi yakuni bo‘yicha 93 kg. bilan bronza medalini qo‘lga kiritishi, 81 kg. vazn toifasida Rigina Adashboyeva dast ko‘tarish mashqida 99 kg. toshni bo‘ysundirib, bronza medaliga sazovor bo‘lganligi yutuqlarimiz yuksalishiga xizmat qildi.
Shuningdek, badiiy gimnastikachilarimiz Taxmina Ikromova oltin va kumush, Sabina Toshkentboyeva bronza medallariga ega chiqishi, guruh mashqlarida Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar A’zamova, Mumtozabonu Ishoqzoda va Mariya Pakdan iborat beshlik 5 halqadagi dasturda 34.750 ball bilan oltin medallarga egalik qilishi Konya sport maydonlari uzra Vatanimiz nomi ulug‘lanishini ta’minladi.
[gallery-8311]
Kechagi kun musobaqalar dasturidan o‘rin olgan 4x200 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha estafeta yo‘nalishida Afsona Niyazova, Alyona Vasileva, Sitora Odilova hamda Ulyana Nizamutdinovadan iborat to‘rtlik 9:09.67 daqiqa vaqt bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi. 100 metrga erkaklar o‘rtasida batterflyay usulida suzish dasturida hamyurtimiz Eldorbek Usmonov 53.79 soniya bilan qizlarimiz natijasini qayd etdi.
Islom birdamligi o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘layotgan sport turlari sonini qilichbozlikning rapira yo‘nalishida Muhammad Yusuf Asranov oshirdi.
Shu tarzda o‘yinlarning yakunlanishiga 4 kun qolganda hamyurtlarimiz murosasiz bellashuvlar natijasida umumiy hisobdagi medallar sonini 94 taga yetishini ta’minladi. Shundan 27 ta oltin, 24 ta kumush va 35 ta oltin.
Jamoalar orasida Turkiya sportchilari 79-73-57, jami 209 ta medal bilan yakka peshqadamga aylanib olgan bo‘lsa, eronliklar 32-24-38(94) ta sovrinli o‘rin bilan 2-pog‘onada bormoqda.
O‘zbekiston sportchilaridan keyingi 4 va 5-o‘rinlarda borayotgan Ozarbayjon sport delegatsiyasi 18-22-18(58) ta, Qozog‘iston vakillari 16-15-26(57) ta medallar shodasiga ega bo‘lib turibdi.
Bugun 15 avgust kuni kamondan otish, stenddan otish, dzyudo, qilichbozlik, og‘ir atletika, suzish, basketbol 3x3, para stol tennis, an’anaviy turk kamoni bahslarida hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlar uchun kurashlarga kirishadi.
E’tiborli jihati, og‘ir atletika bahslarida olimpiada chempionlari Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayevning bahslarga kirishishi, qilichbozlikda 11 nafar vakilimiz qatnashishi, dzyudoda Diyora Keldiyorova yetakchiligidagi 5 nafar vakilimizning tatamiga chiqishi, shuningdek, boshqa sport turlarida 21 nafar sportchimizning medallar uchun bahslarga kirishayotganligi "Konya-2021"ning bugungi musobaqalari medallar jamg‘armamizning ortishidan dalolat berayotgandek.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA