Konya-2021: Murakkab bahslardagi munosib natijalar
2005 yildan beri tizimli tarzda o‘tkazib kelinayotgan Islom birdamligi o‘yinlarining bu gal Konya shahrida tashkil etilayotgan bahslari har qachongidan-da shiddatli kechmoqda.
O‘yinlar davomida umumiy hisobda 483 ta medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshiriladi.
Kechagi kun musobaqalarida velosportchilarimiz Olga Zabelinskaya, Aleksey Fomovskiy va Botir Ismatov velotrek bo‘yicha 4 dasturni o‘z ichiga olgan omnium bahslarida qatnashdi
Islom birdamligi o‘yinlarining birinchi kungi bahslarida oltin medalga sazovor bo‘lgan Zabelinskaya murakkab bahsda kumush medalga musharraf bo‘ldi. Ushbu dasturda qatnashgan Aleksey Fomovskiy va Botir Ismatovga omad yetishmadi.
Hozircha, V Islom birdamligi o‘yinlarida velosportchilarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza jami 7 ta medalga ega bo‘lib turibdi.
Konya-2021 o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni para suzish musobaqalarida erkaklar o‘rtasida 100 metr masofaga batterflyay usulida suzishda Azizbek Boynazarov taqdim etdi. Ushbu yo‘nalishda qatnashgan Sulton Nuriddinov esa marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi.
Yengil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqasining kechagi bahslarida Roksana Xudoyorova 6.19, Darya Reznichenko esa 6.26 metr natija bilan saralashdan o‘tishdi. Endi ular bugun medallar uchun kurash olib borishadi. Yengil atletikaning 100 metrga yugurish bahsida Oskar Kuchmuradov keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan foydalana olmagan bo‘lsa, yosh sportchimiz Farida Soliyeva 400 metrga yugurish bahsida 55.27 soniya bilan final musobaqasida qatnashish huquqiga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev,
Muhammad Amin (surat), O‘zA