Konlar bag‘ridan ufqlarga intilgan sanoat shahri
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyatining tog‘ va sahro hududlari tutashgan manzilida joylashgan G‘ozg‘on shahri o‘zining noyob tabiiy boyliklari, ko‘p yillik sanoat an’analari va mehnatkash aholisi bilan alohida ajralib turadi.
G‘ozg‘on deganda, avvalo, uning zaminidagi nodir tabiiy boyliklar — marmar va granit konlari ko‘z oldimizga keladi. Asrlar davomida zamin bag‘rida shakllangan ushbu qimmatli toshlar bugun inson mehnati va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligida qazib olinib, sayqallanadi. Ular yurtimizdagi yirik qurilish va obodonlashtirish loyihalarida, me’moriy inshootlar hamda zamonaviy binolarni bezatishda keng qo‘llanilmoqda.
Tog‘ bag‘ridagi konlarda kecha-yu kunduz davom etayotgan mehnat jarayonini kuzatar ekansiz, tabiiy boylikning iqtisodiy qiymatga aylanishida inson omili, tajriba va zamonaviy texnika naqadar muhim ekanini his etasiz.
[gallery-31059]
Bugun shaharda sanoat tarmog‘ini rivojlantirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar esa hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirmoqda.
Ayniqsa, marmar va granit kabi eksportbop mahsulotlarga bo‘lgan talabning ortib borayotgani G‘ozg‘on sanoati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va tashqi bozorlarga chiqish ko‘lamini kengaytirish orqali shaharning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish maqsad qilingan.
G‘ozg‘onning bugungi qiyofasida tog‘lar bag‘ridagi konlar, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va bunyodkorlik jarayonlari o‘zaro uyg‘unlashib ketgan. Bir tomonda tabiatning ming yillik ne’matlari qazib olinsa, ikkinchi tomonda inson qo‘li bilan ularga yangi hayot baxsh etilmoqda.
Bugungi G‘ozg‘on — nafaqat marmar va granit diyori, balki sanoat, mehnat va bunyodkorlik salohiyati tobora yuksalayotgan shahar. Bu zaminda yaratilayotgan yangi qiymat, avvalo, inson mehnati va tabiiy boyliklarni oqilona o‘zlashtirish uyg‘unligiga tayanadi.
Suratlarda:
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA