Konchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Qo‘shrabot tumanidagi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Janubiy kon boshqarmasi “Zarmitan” konida ishchi-xodimlar uchun maishiy bino foydalanishga topshirildi.
400 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy binoda yuvinish, kiyinish, kiyim-kechaklarni saqlash va quritish xonalari, shuningdek, tibbiyot punkti tashkil etilgan. Binoning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani ish jarayonida inson omili va xavfsizlik masalalariga qay darajada jiddiy yondashilayotganini ko‘rsatadi. Xususan, tibbiyot punktida o‘rnatilgan jihozlar ishchi-xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va salomatligini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Yangi maishiy binoda ishchi-xodimlar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan, – deydi Janubiy kon boshqarmasi kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i A.Safarov. – Ayniqsa, tibbiyot punktining zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangani ishchilar salomatligini nazorat qilishda katta imkoniyat beradi. Bu esa mehnat xavfsizligi va inson salomatligiga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Binoni foydalanishga topshirish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda kombinat rahbariyati, Samarqand viloyati va Qo‘shrabot tumani hokimliklari vakillari, Janubiy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari hamda mehnat faxriylari ishtirok etdi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi – bosh direktor Quvondiq Sanaqulov yig‘ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi va yangi bino bilan tabrikladi. Shuningdek, tadbirda “Zarmitan” koni ishchi-xodimlarining zahmatli mehnatlari e’tirof etilib, ularning bir guruhi kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi kengashi tomonidan ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri